25 may kuni Andijon viloyati Paxtaobod tumani Chorbog‘ MFYda joylashgan 25-sonli musiqa maktabi direktorining xizmat xonasida kelib chiqqan janjal pichoqlashuv bilan yakunlandi. Viloyat IIB ushbu hodisa haqidagi videoyozuv 7 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarga tarqalganidan keyin bu bo‘yicha rasman ma’lum qildi.

Videoyozuvda dalil va isbotlarga qaramasdan, ushbu jinoiy ish bir haftadan ziyod vaqt mobaynida tergovga oshmagani, direktor ochiqlikda yurgani va ichki ishlar organlarining bu vaziyatga sustkashlik bilan qaragani jabrlanuvchilarni ikkilantirib qo‘ygani ta’kidlanadi.

Mening yurtim telekanali esa hodisa tafsilotlarini avvalroq o‘rganib, xodimlar o‘z oyliklarini aniqlashtirish maqsadida direktor huzuriga borgan, u esa o‘qituvchilarni pichoq bilan qo‘rqitganini ma’lum qildi.

Videolavhada aks etgan holatlarni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, 25 may kuni soat 09:00 larda Paxtaobod tumani Chorsu MFYda yashovchi fuqaro N.Z. o‘zi bilan birga ishlab kelayotgan Paxtaobod tumani Chorbog‘ MFY hududida joylashgan 25-sonli musiqa maktabida direktor lavozimida ishlovchi D.I.ning xizmat xonasiga ukasi J.O. va M.U. bilan birga oylik maoshi haqida ma’lumot olish maqsadida kelib, o‘zaro janjallashib ketishadi.

Shu vaqtda D.I. xonasida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan N.Z.ning yuzi va tanasiga urib, unga ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra «chap yuzida, ko‘krak qafasi chap yonida va o‘ng qo‘li kafti ichida kesilgan jarohatlar» kabi sog‘liqning buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohatlari yetkazganligi aniqlangan.

Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida bir dona xo‘jalik pichog‘i daliliy ashyo tariqasida olingan. To‘plangan tergovga qadar tekshiruv hujjatlari hamda sud tibbiy ekspertiza xulosasiga asosan 4 iyun kuni Paxtaobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqorida ko‘rsatilgan holatda gumon qilinuvchining harakatlarida qotillikka suiqasd qilish alomatlari bor-yo‘qligiga tergov harakatlari davomida baho beriladi, deyiladi xabarda.