Sog‘liqni saqlash vazirligi sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etganini ma’lum qildi.

Poytaxtning Uchtepa tumanida yashovchi X.da shu yilning 28 mayida «COVID-19 infeksiyasi tasdiqlanib, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.

Bundan avval 76 yoshli (erkak) ushbu bemor uzoq yillar davomida gepatit, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak yetishmovchiligi kabi kasalliklar bilan davolanib kelgan.
31 may kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan.

Shu kungacha unga bosh mutaxassislar tomonidan konsultatsiyalar, tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazorati ta’minlangan.

«Biroq ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Ayni paytda marhumning turmush o‘rtog‘i, farzandi va nabiralarida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ularga shifokorlar tomonidan davo muolajalari ko‘rsatilmoqda.