O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 iyun kuni Farg‘ona viloyatiga amaliy tashrif bilan keldi.

Davlat rahbari korteji dastlab Qo‘shtepa tumanидаги “Tursunov Yusufjon yeri” fermer xo‘jaligi yonida to‘xtadi. Prezident g‘alla rivojini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari va qo‘shtepalik fermerlar bilan muloqot bo‘ldi.


“Har bir hududning yeri, resurslari, imkoniyatlari o‘ziga xos. Bugun Farg‘onaga kelishimizdan maqsad — bu imkoniyatlarni to‘liq safarbar qilib, odamlarga ish o‘rni, daromad manbai uchun sharoit yaratish, har bir tuman bo‘yicha aniq reja shakllantirish. Qanday mehnat qilsak, shunday hayot bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari daraxt qatorlari orasiga sarimsoqpiyoz va dukkakli ekinlar ekish, bunday bog‘larni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shu yerda qishloq xo‘jaligi va agrosanoat loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.


Prezident Toshloq tumanидаги “Uz-Segang” qo‘shma korxonasida ish jarayoni bilan tanishdi.

MCHJ shaklidagi “Uz-Segang” qo‘shma korxonasi yiliga 16 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish quvvatiga ega. Bu yerda 100 milliard so‘m evaziga zamonaviy logistika markazi tashkil etilgan. Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilg‘or texnologiyalar keltirib o‘rnatilgan.

Masalan, Italiyaning ICEOL texnologiyasi gilosni rangi va kattaligi bo‘yicha saralab qadoqlaydi. Sifatsizlarini lazer nuri orqali aniqlab, alohida joylaydi. Janubiy Koreyadan keltirilgan SNP liniyasi anorni xuddi shunday saralaydi. Mevaning ichidagi pishmagan yoki chiriy boshlagan joyni ham aniq ko‘rsatadi. Bu xaridorlar ishonchini qozonib, eksportni rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Korxona mahsulotlari “Global G.A.P.” xalqaro sertifikatiga ega.

Joriy yilda Xitoy, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarga 20 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Kompaniyada 250 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlangan.

Prezident bu korxonani doimiy xomashyo bilan ta’minlash masalasiga ahamiyat qaratdi. Buning uchun unga hududdagi bog‘larni biriktirish, yangi bog‘lar va laboratoriya tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Shuningdek, viloyatga tashrif davomida davlat rahbari Farg‘ona tumanида ishga tushirilgan “Ekokerama” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning foydali qazilmalarga boyligi, lekin ular asosida tayyorlanadigan materiallar katta miqdorda chetdan keltirilayotganiga e’tibor qaratdi.

Masalan, Andijon viloyatida kalsit, Samarqandda kvars, Toshkent viloyatida kaolin, Qashqadaryoda dala shpati va Farg‘onada dolomit xomashyosi bor. Lekin yiliga qariyb 650 ming dona santexnika tovarlari import qilib kelingan.

“Shuncha imkoniyat bo‘la turib, biz kimni boqyapmiz? Xalqimizni boqsak bo‘lmaydimi? — deya savol qo‘ydi prezident. — Mamlakatimizning har bir qarich yeri, har bir boyligi aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerak”.

“Ekokerama” yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ya’ni, importning aksariyat qismi o‘rnini to‘ldiradi. Bundan tashqari, mintaqa davlatlarida 50 million dollarlik bozor bor. Korxona quvvatini oshirib, mahsulotlarning 60 foizini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalanilishi hamda energiya tejovchi texnologiyalar qo‘llanilishi sababli “Ekokerama” mahsulotlari xorijiy muqobillariga nisbatan arzon bo‘ladi.

Korxonaning loyiha qiymati 15 million dollar. Jumladan, 11 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb etilgan. Hozirda 500 kishi ish bilan ta’minlanib, test rejimida dastlabki buyumlar tayyorlangan.

Davlat rahbari bu korxonani klasterga aylantirish, karerlar ajratib berib, kamida 30 yillik xomashyo zaxirasi bilan ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Korxonaga mahsulotlarini sotishda ko‘maklashish, xususan, qurilish materiallari bozorlarida do‘konlarini tashkil etish, davlat tomonidan qurilayotgan ob’ektlarda bu santexnika buyumlaridan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. O‘z navbatida, kompaniya rahbariyatiga mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, boshqa viloyatlarda ham shunday korxonalar ochib, yanada ko‘p yoshlarni ish bilan ta’minlash tavsiya qilindi.

Shu yerda Farg‘ona viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, yengil sanoatdagi proyektlar samarasida paxta tolasini qayta ishlash hajmi keskin oshadi. Joriy yil yakunida kalava ip qayta ishlash darajasi 56 foizga, kelgusi yili 71 foizga yetadi. Ilgari viloyatda jami 80 million dollarlik paxta tolasi oddiy xomashyo sifatida sotilgan bo‘lsa, bu yil qariyb 314 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinadi. Bu ko‘rsatkichni 2021 yilda 540 millionga, kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Марғилондаги Hunarmandlar markazini borib ko‘rdi.

“Mening eng katta islohotim — har bir oilaning nuri bo‘lgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning ko‘zingizdagi ishonchni, umidni ko‘rib baxtiyor insonman. Ayollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu — Farg‘onadagi o‘zgarishlarning boshlanishi, qaldirg‘ochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ikki qavatli markazning qo‘yi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to‘qiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi, podium, chevarxona o‘rin olgan. Bu yerdagi do‘konda matoga gul chizish, bog‘lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko‘rgazmali tarzda namoyish etiladi.

Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar to‘liq qo‘l mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan to‘qiladi.

Shu yerda viloyatda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida ma’lumot berildi. Davlat rahbari tarmoq korxonalariga yer ajratib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, odamlarga hozirgi qiyin sharoitda iqtisodiy yordam berish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Farg‘ona viloyatida qambag‘al aholi bilan ishlash tizimi bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar bilan ham tanishdi.