Sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Shu yilning 27 may kuni poytaxtlik Sh. avtohalokatga uchrab, tez tibbiy yordam mashinasida bosh miya yopiq jarohati dastlabki tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelinadi.

O‘sha paytda unda tana haroratini yuqoriligi va koronavirus alomatlari ko‘ringanligi sababli tahlil olinadi. O‘tkazilgan tekshiruv natijasida 70 yoshli (erkak) bemorda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlanadi.

Shundan so‘ng unga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan.

U avvaldan bosh miya o‘smasi, yurak ishemik va gipertoniya kasalligi, gepatit, pnevmoniya, surunkali yurak, buyrak va jigar yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Bemorning o‘tgan davolanish vaqti davomida vazirlikning turli soha yo‘nalishlari bo‘yicha bosh mutaxassislarining xalqaro standartlar bo‘yicha bergan tavsiyalari asosida shifokorlar barcha kerakli tibbiy muolajalarni amalga oshirishgan. Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar ham o‘tkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq so‘nggi kunlarda bemorda nafas yetishmovchiligini kuchayishi natijasida ahvoli keskin yomonlashgan va sun’iy nafas olish apparatiga olingan. Standartlar asosida ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor miya shishi, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.