Kanada hukumati O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash uchun 250 ming Kanada dollari (185 ming AQSH dollari) ajratadi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Mablag‘ ajratish masalasi 4 iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Kanada Tashqi ishlar vaziri Fransua-Filipp Shampan o‘rtasida telefon orqali bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan O‘zbekiston-Kanada munosabatlarining holati va faollashtirish istiqbollari, savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

“Kanada biznesining O‘zbekiston bozoriga faol kirishi va qayta tiklanadigan energiya, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdorlik izhor etildi”, — deyiladi vazirlikning xabarida.

Bundan tashqari, vazirlar BMT va uning ixtisoslashgan institutlari doirasidagi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.