Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni Toshkent shahar hokimligi va Turkiyaning «Kalyon» kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan Toshkent shahrining transport konsepsiyasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu konsepsiya geoinformatsion tizim orqali shahardagi transport va yo‘lovchilar oqimini tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan. Undan maqsad, avvalo, xavfsizlik, qulaylik va iqtisodiy unumdorlikdir.

Taqdimotda, «O‘zbekiston 24» telekanali xabar berganidek, Shavkat Mirziyoyev bunday konsepsiya Toshkentda birinchi marta joriy etilayotganligi haqida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, konsepsiyani amalga oshirish nafaqat yo‘l infratuzilmasi va harakatlanishni soddalashtiradi, balki atrof-muhit va fuqarolar salomatligini yaxshilaydi.

13 yo‘nalishdan iborat bo‘lgan mazkur konsepsiya piyodalar va velosipedchilarni birinchi o‘ringa qo‘yadi, keyin jamoat transporti va shundan keyingina shaxsiy avtomashinalarni.

Konsepsiyada, shuningdek, avtomatik to‘lov tizimini rivojlantirish, avtomobil to‘xtash joylari va piyodalar o‘tish yo‘laklarini ko‘paytirish kabi qator qulayliklar nazarda tutilgan.

Prezident piyodalar va velosipedlar harakatiga ko‘proq sharoit yaratish zarurligini qayd etdi.

«Bizning yo‘llarda transport vositalariga ko‘p ustuvorlik berilgan. Aslida piyodalar harakatini, odamlarning halovati, salomatligini birinchi o‘ringa qo‘yish kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Transport konsepsiyasini Toshkent shahrining bitta tumanida aprobatsiya qilish, keyinchalik butun poytaxtda va boshqa shaharlarda joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, taqdimot davomida davlat rahbariga Sergeli tumanini poytaxt markazi bilan bog‘lovchi yo‘l va ko‘prik loyihasi haqida ma’lumot berildi.


Umumiy qiymati 280 mlrd so‘mdan ziyod bo‘lgan mazkur loyiha Toshkent shahar hokimligi bilan Turkiyaning «Kalyon» kompaniyasi hamkorligida ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, Cho‘ponota ko‘chasi va Kichik halqa yo‘li kesishmasida 583 metrlik yo‘l o‘tkazgich barpo etiladi. Bu chorrahadan Toshkent halqa avtomobil yo‘ligacha yangi ko‘cha qurilib, halqa yo‘li ostidan tunnel orqali o‘tkaziladi va Qipchoq ko‘chasida qurilayotgan yangi ko‘prikka tutashadi.


Jami 5,6 kilometrlik bu yo‘l soatiga 3 mingta transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi.

Ma’lumki, hozirgi kunda Sergeli tumanidan shahar markaziga kelib-ketadigan avtomobillar asosan bitta yo‘l — Yangi Sergeli ko‘chasi orqali harakatlanadi. Shu bois unda qatnov juda ko‘p, yuklama katta. Ayniqsa, ertalab va kechga yaqin bu ko‘cha tirband bo‘lib qoladi. Ushbu yangi yo‘l va ko‘priklar qurilishi natijasida Sergeli tumaniga transport qatnovi tirbandligi 50 foizga, transport harakati vaqti 20−25 minutga kamayadi.

«Odamlarning har kunlik rejalariga, kayfiyatiga, sog‘lig‘iga ta’sir qiladigan eng katta omil — transport taqsimoti. Yo‘llar qurib, tirbandlikni kamaytirishdan maqsad shahar aholisi va mehmonlarga qulaylik yaratishdir. Bu ishlarni bugun qilmasak, yildan yilga qiyinlashib boraveradi. Bugun qilsak, kelajakda xarajat kamayadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lum qilinishicha, yo‘l harakatini to‘g‘ri tashkillashtirish natijasida yiliga 19 million dollarlik yoqilg‘i tejalishi, 129 million dollarlik taxminiy zararning oldi olinishi hisob-kitob qilingan. Yoki avtobuslar soni va yo‘nalishlarini optimallashtirish orqali yiliga 2,5 million dollar iqtisodiy samaraga erishish mumkin.