Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga «Xalq ta’limi tizimida onlayn ta’lim berish faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida joriy etilgan «Online-maktab» loyihasi davom ettirilishi va takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan. Televizion videodars va videomashg‘ulotlarni doimiy tasvirga olishni tashkil etish uchun «O‘zbekiston MTRK Mediamarkazi» binosida maxsus telestudiya ajratiladi va texnik talablar asosida jihozlanadi hamda 1 avgustdan boshlab, 2020/2021 o‘quv yili uchun televizion videodarslarni tasvirga olish yo‘lga qo‘yiladi.

Shu bilan birga, «online-maktab» loyihasi doirasida televizion videodarslar har o‘quv yili davomida efirda namoyish etib borilishi rejalashtirilmoqda.

Qaror loyihasida qayd etilishicha, loyihalarga jalb etiladigan o‘qituvchilarga har bir televizion videodars va videomashg‘ulotlar uchun (asosiy ish haqqidan tashqari) bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida, muharrir va surdopedagoglarga har bir ishlagan kuni uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanadi. Bu esa, o‘z o‘rnida, Xalq ta’limi sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasining tizimni raqamlashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan mablag‘lar hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, «online-maktab» loyihasi doirasida televizion videodarslar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalardan foydalanilgan holda o‘quvchilarni PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS va STEAM kabi yetakchi xalqaro baholash dasturlari va tadqiqotlarga tayyorlash va o‘quvchilarda ijodiy va tanqidiy fikrlash, axborotlarni tahlil qilish, yetakchilik, kommunikativlik, hamkorlikda ishlash, muammolarni yechish kabi XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish loyihaning asosiy vazifalari sifatida belgilangan.

«Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat og‘irlashib, karantin qoidalari kuchaytirilgan taqdirda „online-maktab“ rukni ostida televizion videodarslarni tasvirga olish jarayoni Respublika maxsus komissiya tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

1 sentyabrga qadar televizion videodarslardan foydalanishda o‘quvchilar, o‘qituvchilar va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida www.maktab.uz platformasi yaratilishi va umumta’lim tizimida yagona markazlashgan virtual (onlayn) maktab sifatida tatbiq etilishi qaror loyihasida ta’kidlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 15 may kuni Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov «Gazeta.uz» nashriga bergan intervyusida «Online Maktab» loyihasi taqdiri haqida to‘xtalib o‘tgandi.