Maktabgacha ta’lim vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi Agentligi, xalqaro tashkilotlar, YUNICYeF va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillaridan iborat ishchi guruh ko‘magida maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tiklash borasida qo‘yiladigan talablar tartibini o‘z ichiga olgan nizomni ishlab chiqilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Maktbagacha ta’lim vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Oldinroq, Respublika maxsus komissiyasi “sariq” va “yashil” xududlarda, MTT raxbariyati va xodimlari tomonidan zarur xavfsizlik choralarini ta’minlangan holda, ushbu tashkilotlar faoliyatini qayta tiklashga ruxsat berilishi haqida qaror qabul qilingan edi.

Talab etiluvchi xavfsizlik choralarini ta’minlab bera oluvchi xususiy MTTlar 15 iyundan faoliyatlarini boshlashlari mumkin. Davlat MTTlarining ochilishi esa 15 iyundan 1 iyulgacha bo‘lgan davrdar amalga oshiriladi. Ularning ochilish jadvali Maktabgacha ta’lim vazirligining rasmiy manbalarida e’lon qilinadi.

Ayni damda Maktabgacha ta’lim vazirligi MTTlar faoliyati havfsizligini ta’minlash maqsadida barcha sharoitlarni yaratish, jumladan, ularda tarbiyalanuvchilar ovqatlanishini tashkil etish uchun oziq-ovqatlarni xarid qilish, himoya vositalarini sotib olish, o‘rnatish va dezinfeksiya qilish, MTT xodimlarini mehnat ta’tilidan ishga chaqirish bo‘yicha tegishli rasmiylashtirish tashkiliy ishlarni amalga oshirmoqda.

“Hozirgi vaqtda barcha MTT rahbariyati va xodimlari oldidagi eng muhim vazifasi — bu bolalar xavsizligini ta’minlashdir. Shundan kelib chiqqan holda, Maktabgacha ta’lim vazirligi MTT tarbiyalanuvchilari uchun xavfsiz sharoit yaratish borasidagi ishlarni amalga oshirishga ma’lum vaqt talab etilishi bilan bog‘liq vaziyatga to‘g‘ri baho berishingiz va tushunishingizni so‘raydi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik barchani karantin choralari yumshatilishidan qat’iy nazar hushyorlikni yo‘qotmaslik, koronavirusga qarshi kurash Respublika Maxsus komissiyasi talablariga to‘la rioya qilish chaqirdi.

Ota-onalar yoki farzandlarda tana harorati ko‘tarilishi, nafas qisilishi, quruq yo‘tal, holsizlik belgilari paydo bo‘lgan zahoti shifokorga darhol murojaat qilish va bu haqida MTT xodimlariga xabar berish kerak, deya ta’kidlandi vazirlik tomonidan.