Facebook ijtimoiy tarmog‘i shaffoflikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat nazoratidagi OAV sahifalarini belgilashni boshladi. Bu xaqda kompaniya o‘z blogida xabar berdi.

“Biz odamlarga Facebookda ular ko‘rayotgan xabar ortida kim turganini tushunishda yordam berishni xohlaymiz”, deydi Facebook kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Nataniel Gleyxer.

Foto: fb.com

Xabarga ko‘ra, belgilar oldin sahifalarda, keyinchalik esa ma’lumotlar lentasidagi har bir xabarda paydo bo‘lishi rejalashtirilgan. OAVlarni belgilash to‘g‘risidagi qarorlar moliyalashtirish manbalari, kompaniya tashkiliy tuzilmasi, tahririyat siyosati kabi bir necha mezonlarga asoslanib qabul qilinadi. “Mezonlarni tuzib chiqishda dunyo bo‘ylab 65 dan ortiq media, xuquq va siyosat kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar bilan maslahatlashganmiz”, — deya xabar beradi kompaniya o‘z blogida.

Facebook davlat nazoratidagi OAVlarni aniqlash uchun bir nechta belgilarga e’tibor qaratadi. Shu jumladan:

  • tashkilot o‘z jurnalistlik vazifasini qanday aniqlashi va uni qanday amalga oshirishi;
  • tashkiliy tuzilma, ya’ni aksiyadorlar, hamkorlar, tashkilot boshqaruv kengashining a’zolari, rahbariyati, davlat tomonidan tayinlanadigan rahbarlar, saylanadigan lavozimlardagi bevosita yoki bilvosita aksiyadorlar to‘g‘risida ma’lumot;
  • manbalarni ko‘rsatishdagi shaffoflik, mustaqillik va xilma-xillik kabi tahririyat qoidalari;
  • taxririyat boshqaruvi va xodimlari xaqidagi ma’lumotlar;
  • moliyalashtirish manbalari;
  • tuzatish choralari, shikoyat qilish tartibi, tashqi baxolash va nazorat kengashlari kabi boshqaruv va javobgarlik mexanizmlari.

Agar tashkilot Facebook qaroriga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etib, apellyatsiya berishi mumkin.

Lekin Facebook amerikalik OAVlarni belgilamasligini ma’lum qilgan. Kompaniya vakili AQSHda hattoki davlat OAVlari ham mustaqillikni saqlab qolishgan, deya ta’kidladi.

TJ News bergan xabarga ko‘ra, Facebook RT, Sputnik, Ria Novosti, China Xinhua News va Philippine News Agency kabi OAV sahifalarini belgilashga ulgurgan.

Belgilar keyingi xaftadan boshlab AQSHda xam paydo bo‘ladi, deyiladi xabarda. Shuningdek, davlat nazoratidagi OAV sahifalaridagi reklamalarga ham belgilar qo‘yilishi haqida xabar berilgan. Ushbu qaror AQSHda 2020-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida qabul qilindi.

Quyida Facebook tomonidan belgilangan ba’zi OAVlarning sahifalarida qanday ma’lumot keltirilishini ko‘rishingiz mumkin.