2020−2021 o‘quv yili uchun OTMga kirish imtihonlarida abituriyent o‘zi tanlagan hududda test sinovlarida ishtirok etish imkoniyati bu yil ham saqlab qolinadi. Bu haqda Davlat test markazi direktori Majid Karimov 4 iyun kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, abituriyent DTMning veb-sayti orqali shaxsiy kabinetidan ruxsatnomasini onlayn olganidan so‘ng ruxsatnomada belgilangan sana va vaqtda, o‘zi tanlagan hududda test sinovida ishtirok etish imkoniyati taqdim etiladi.

«25 iyuldan 20 avgustga qadar test o‘tkazish rejalashtirilgan. Abituriyent istagan joyidan imtihon topshirishi mumkin. Xohlasa o‘zida, xohlasa Toshkentda. Qaysi ta’lim muassasasiga qirishdan qat’iy nazar bu imkoniyat yanagi yil ham saqlanib qolinadi», — deya ta’kidladi DTM direktori Majid Karimov.

Davlat test markazining matbuot xizmati xodimi «Gazeta.uz» nashriga bu tartib qiyinchilik tug‘dirmaydi, chunki 2019 yilgi OTMga kirish imtihonlarida ham bu tartib amalda qo‘llanilgan deya ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar mahkamasining 2019 yil 9 iyuldagi qaroriga ko‘ra, abituriyent o‘zi tanlagan hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazi yoki Toshkent shahrida) tashkil etiladigan test sinovlarida ishtirok etish huquqiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 2020−2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar respublika OTMlariga 15 iyundan 15 iyulgacha onlayn hujjat topshirishlari mumkin bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, kirish imtihonlarida abituriyentlar ikkita fandan test sinovlari topshiradi.