So‘nggi ikki hafta davomida jami tasdiqlangan karonavirus holatlaridan 412 tasi aholi orasidan aniklangan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, muayyan davrda qolgan 525 nafari — xorijdan kelgan fuqarolarda aniqlangan. Ular umumiy tasdiqlangan holatlardan 53 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 49 117 nafar fuqaro salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda. Ularning 26 794 nafari uy sharoitida, 22 323 nafari esa statsionar sharoitda karantin tadbirlari bilan qamrab olingan.

Shuningdek, xabarda qayd etilishicha, Respublika bo‘yicha mavjud virusologik laboratoriyalarda oxirgi bir kunda — 18 655ta, epid mavsum davomida — 748 555ta test sinovi o‘tkazildi.

Eslatib o‘tamiz, 5 iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3965 nafarni tashkil etmoqda. Bunda, 3087 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan bo‘lsa-da, o‘n olti kishi hayotdan ko‘z yumgan. Hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 862 kishi davolanmoqda.