3 iyun kuni hududlarda kambag‘allikni qisqartirish masalasiga bag‘ishlangan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev So‘x tumanidagi voqealarga to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari bu hududdagi og‘ir vaziyat «kecha yoki bugun» paydo bo‘lmaganiga, bu yerda odamlar ishsizlik va yashash sharoiti og‘irligidan aziyat chekib kelganigiligi haqida gapirgan.

«Ayniqsa, chegaradosh hududlarda kambag‘allikni kamaytirish va shu tumanlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi uchun zarur sharoitlarni tashkil etish bo‘yicha alohida yondashuv bo‘lishi kerak. Mana, [bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilbay] Ramatovga qo‘shimcha topshiriq berildi. Har oyda ikkitadan chegaradosh hududda bir haftadan yashaydi… Bilardiku, shu chegaradosh hududni. Nega borib So‘xda yotib kelmagan?!» — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev chegara hududlarining alohida ro‘yxati tuzilishini, unda bosh vazirning birinchi o‘rinbosari infratuzilma holati va boshqa masalalarni o‘rganishini ta’kidladi.

«Bizni oldinroq ogoh qiladigan tizim yaratishimiz kerak. Chegaradosh hududlarning suvi qanday, joyi qanday, xavfsizligi qanday, vaziyat qanday, ichkaridagi muhit qanday — Ramatov bosh. Keyin siz yetib borasiz (A.Aripov — tahr). Ramatov diagnoz qo‘yadi, davolashga siz. Diagnoz deganim, hamma narsani bilish kerak. Mana, o‘zingiz ko‘rdingiz odamlarning kayfiyatini. Oddiy-oddiy masalalar-ku! Hech qiyin masala qo‘yilgani yo‘q, bemalol hal qilsa bo‘ladi» — dedi u (iqtibos Kun.uz nashridan).

«Yillar davomida [So‘x tumaniga] hech kim bormagan. Juda bo‘lmasa „u xalq yomon, og‘ir xalq“ deganmiz. Nimaga yomon, talab qilish yomonmi?! Adolat-ku talab qilish. Bu jarayon juda ko‘p saboq berdi. Juda katta saboq», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari aholi kayfiyati, muammolari, talab va ehtiyojini oldindan biladigan tizim yaratish lozimligi haqida, shuningdek, iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan boshqa tumanlarda ham aholi bandligi, yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha bir oy ichida dastur tayyorlash yuzasidan topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatiga tutash, Farg‘ona viloyati tarkibidagi So‘x tumanida joylashgan Chashma qishlog‘ida buloq masalasida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh hududlari aholisi o‘rtasida mahalliy darajadagi mojaro yuz bergan edi. Uning oqibatida 187 nafar O‘zbekiston fuqarosi va 25 nafar Qirg‘iziston fuqarosi jabrlangandi.

1 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga yetib kelgandi va keyinroq hukumat a’zolari ham yetib mazkur tumanga yetib kelishgandi.