5 iyun kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3987 nafarni tashkil etmoqda, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 15 nafar Toshkent shahridan (8 nafari aholi orasida, 4 nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olingan, 3 nafari xorijdan kelgan), 2 nafar Sirdaryo viloyatida Rossiyadan chegara post orqali kirib kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida, 1 nafari Namangan viloyatida aholi orasida, 2 nafari Toshkent viloyatida (1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi, 1 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan), qolgan 2 nafari Karantin markazidagi (xorijdan kelgan) fuqarolar orasida qayd etilgan.

Kun davomida mamlakatda 48 ta yangi COVID-19 holati tasdiqlandi.

Ayni paytda mamlakatda 3227 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar butunlay sog‘aygan. Kun davomida esa 140 nafar bemor dardiga shifo topgan. Bunda, poytaxtdagi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida 83 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 34 nafar, Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 22 nafar hamda 3-sonli tug‘ruq majmuasida 1 nafar, jami 140 nafar bemor sog‘aydi va reabilitatsiyaga kuzatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Botir Qurbonov xabar berganidek, so‘nggi ikki hafta davomida tasdiqlangan 937 ta koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatidan 412 nafari — aholi orasidan, 525 nafari — xorijdan kelgan fuqarolarda aniqlanganini ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, respublika laboratoriyalarida jami 750 mingtaga yaqin test sinovlari o‘tkazilgan.