2020−2021 o‘quv yili uchun abituriyentlar uchun ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan test sinovlari o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi axborot xizmati “Gazeta.uz” nashriga xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2020−2021 o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va test bo‘yicha ularga muvofiq keluvchi fanlar majmuasi Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Yig‘ilishda qayd etilgandek, abituriyentlar uchun test blokidagi fanlar tarkibi va ketma-ketligi bir xil bo‘lgan 3 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoniyati saqlanib qolinadi.

Ta’kidlanishicha, alohida iqtidor talab etiladigan hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon mavjud ta’lim yo‘nalishlariga kirishda abituriyentlar faqatgina bitta ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

“Test sinovlari karantin cheklovlari tugagandan so‘ng iyul-avgust oylarida (taxminan 27 iyuldan 15 avgustgacha) o‘tkaziladi. Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda test sinovlarini o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin. 2020/2021 o‘quv yili uchun ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fandan test sinovlari o‘tkaziladi. Test topshiriqlarini bajarish uchun har 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 2 ta fan uchun jami 2 soat vaqt ajratiladi”, — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, qabul jarayonlari va kirish test sinovlarini o‘tkazishda, avvalo, abituriyentlarning salomatligiga alohida e’tibor qaratiladi va har bir bir jarayon shu asosda tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Test sinovlari har bir abituriyentga kamida 3 kv.m. o‘lchamda joy ajratilgan holda sig‘imi 650−700 kishidan oshmagan binolarda o‘tkaziladi. Sinovlar kunlik ikki-uch smenada o‘tkaziladi. Bunda, bir smenada 24 654 (2019 yilda 35 220) nafar, kunlik 73 962 (2019 yilda 70 440) nafargacha abituriyent test sinovlarini topshirishi mumkin bo‘ladi. Imtihonlar to‘liq video kuzatuvlar asosida o‘tkazilib, jarayonlarning video yozuvlari saqlab qo‘yiladi.

Abituriyentlarni binoga kiritishda tana harorati o‘lchanadi hamda niqob va rezina qo‘lqoplari bilan ta’minlanadi; test sinovlari o‘tkaziladigan bino hududi va ichki qismida kuniga 4 marta dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.

Xabarga ko‘ra, kasbiy (ijodiy) imtihonlar ham karantin, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etilgan holda test sinovlari bilan bir qatorda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 11 iyuldan 20 iyulgacha; alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari uchun 25 iyuldan 10 avgustgacha o‘tkaziladi.

Karantin cheklovlari davom etgan taqdirda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish muddatlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

Shuningdek, kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlari soddalashtirilgan tarzda tuziladi. Bir abituriyentga imtihonda bir soatdan ortiq vaqt sarflamaslik, abituriyentning oliy ta’lim muassasasiga bir marta kelib ketishini ta’minlash inobatga olinadi.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar dasturlari va baholash mezonlarioliy ta’lim muassasalarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan fanlar soni ta’lim yo‘nalishining xususiyatidan kelib chiqqan holda minimal qisqartiriladi.

Qayd etilishicha, test sinovlari natijalari bir kun muddatda Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari ta’lim yo‘nalishlarining xususiyatiga ko‘ra imtihon o‘tkazilgandan keyin 1−3 kun muddatda oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb saytida e’lon qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 30 aprel kuni ta’lim sohasi bo‘yicha yig‘ilishda prezident pandemiya davrida kiirish imtihonlarni soddalashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi.