So‘x tumanidagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun 1 trln so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu to‘g‘risida prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda deya xabar berdi So‘x tumani axborot xizmati .

Prezident topshirig‘i bilan tumanga tashrif buyurgan turli vazirliklar o‘z sohalari bo‘yicha ikki kun davomida mavjud muammolarni o‘rganib, uni to‘laligicha bartaraf etish uchun dastur loyihasi ishlab chiqishgan. Dasturda So‘x — Rishton yo‘li va boshqa mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida takliflar bildirildi.

Hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd so‘m bo‘lgan 73 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Banklar ko‘magida 82 loyiha amalga oshirilib, So‘x tumani uchun 153 mlrd so‘m kredit yo‘naltiriladi.

Tumanda oliy ma’lumotli kadrlar yetishmovchiligi sababli, so‘xlik yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishi uchun 500 ta kvota ajratiladigan bo‘ldi. Tumanda yangi maktab va qo‘shimcha binolar qurilishi rejalashtirildi. So‘xlik yoshlar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinayotganida o‘z ona tillari — tojik tilida imtihon topshirishlari ham yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Suv xo‘jaligi vazirining ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar o‘rnatilib, bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtiriladi. Tumandagi eski aerodromni qayta ta’mirlab, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham e’tiborda ekanligi aytildi.

Yig‘ilish davomida so‘xlik tadbirkorning sement zavodi qurish bo‘yicha tayyorlagan loyihasi ham qo‘llab quvvatlanib, ushbu taklifni amalga oshirish uchun tegishli vazirliklarga topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, oltita mahalla fuqarolar yig‘inida kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olindi. 3 ta dam olish maskani yaratiladigan bo‘ldi.

Tumandagi markaziy shifoxona hamda qishloq vrachlik punktlari zamonaviy qiyofada ta’mirlanib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi.