Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining 42 nafar yosh olimiga uy berilmayotgani masalasi yuzasidan senator so‘rovi yubordi. Bu haqda Parlament yuqori palatasining axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2019 yili prezidentning farmoniga asosan Fanlar Akademiyasining 42 nafar yosh olimi uchun poytaxtdagi Sergeli tumanidan ko‘p qavatli uy-joy taqdim qilinishi kerak bo‘lgan. Bank xodimlari, Akademiya rahbarlari uy-joyga muhtoj ilmiy xodimlar komissiya orqali aniqlanib, 42 ta ikki va uch xonali 7 kavatli uy ajratilgan. Uylarga da’vogar olimlar tomonidan 2019 yil noyabr oyigacha 1 mlrd 350 mln so‘mdan ortiq pul mablag‘lari to‘lab berilgan. Biroq ushbu uylar 2020 yil yanvar oyida qurib bitkazilgan bo‘lsa-da, ular yosh olimlarga berilmagan.

Mazkur masala Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, yosh olimlar duch kelayotgan muammolar yuzasidan izoh so‘rab Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga senator so‘rovi yuborildi.

Avvalroq Troll.uz kanalida joylashtirilgan bir guruh yosh olimlarning O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qilgan murojaatlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Murojaatda 42 nafar yosh olim tomonidan ularga ajratilgan uylar uchun boshlang‘ich to‘lovi to‘langan bo‘lib, biroq shu kungacha ular mazkur uyni rasmiylashitirshda va ularga ko‘chib o‘tish bo‘yicha ijobiy yechim topilmaganini ta’kidlashgan.

«Ushbu uy masalasida bizni o‘ylantirayotgan muammo 2020 yil 1-iyuldan uy tannarxi ko‘tarilishi hamda unga 15% qo‘shimcha qiymat solig‘i qo‘shib hisoblanishidir. Buning ustiga, ipoteka krediti uchun imtiyozlar xam o‘zgaradi. Bank vakillari bu haqda bizni ogohlantirishdi. Bunda uyga ehtiyojmand har bir ilmiy xodim yana qo‘shimcha mablag‘ to‘lashi kerak bo‘ladi, afsuski, bizning bunga qurbimiz yetmaydi. Shundoq ham o‘tgan 2019 yil oxirigacha ko‘chib chiqish umidida boshlang‘ich to‘lov uchun qarz ko‘targan hamkasblarimiz talaygina», — deyiladi yosh olimlarning murojaatida.

Shuningdek, murojaatda bugungi kungacha ushbu yosh olimlarning bir qismi og‘ir va qiyin ahvolda oilalari bilan yotoqxonalarda, bir qismi esa oyiga 2−3 mln so‘m atrofida pul to‘lab ijarada turganligi ma’lum qilinadi.