Respublika maxsus komissiyasi karantin choralarini yumshatish bo‘yicha qaror qabul qildi, deya xabar bermoqda Koronavirus Info rasmiy Telegram kanali.

Unga ko‘ra, 5 iyundan boshlab “sariq” hududlarda quyidagilarga ruxsat beriladi:

  • mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlari va joylashtirish vositalari faoliyatiga (xostellar bundan mustasno);
  • uy mehmonxonalari va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan dala hovlilar (dachalar) faoliyatiga (faqat oilaviy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish uchun);
  • mehmonxonalar, sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmon uylari, plyajlar, boshqa dam olish maskanlarida joylashgan hamda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga.

Bundan tashqari, 5 iyundan “yashil” hududlarda “sariq” hududlarga qo‘shimcha ravishda individual shug‘ullanish uchun trenajer zallari va basseynlar, madaniyat obyektlari, ta’lim markazlari va diniy tashkilotlar faoliyatiga ma’lum shartlar asosida ruxsat beriladi.

Trenajer zallari va basseynlarga qo‘yiladigan talablar:

  • doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi;
  • ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak"lar bilan jihozlash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi va ijtimoiy masofani saqlashi;
  • har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 C va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish;
  • ijtimoiy masofani ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan jamoaviy sport turlarini o‘tkazmaslik talab etiladi.

Madaniyat obyektlari (teatrlar) faoliyatiga, individual va jamoaviy repetitsiyalar o‘tkazish sharti bilan (30 kishidan ko‘p bo‘lmagan), tomoshabinlar va tashrif buyuruvchilarga ruxsat bermagan holda, spektakllarni onlayn rejimida yoki televideniye orqali translyatsiya qilish yo‘li bilan o‘tkazish mumkin bo‘ladi.

Ta’lim markazlari, to‘garaklar (10 kishidan ko‘p bo‘lmagan guruh tashkil etib, vaqtini oldindan kelishgan holda) faoliyatida xodimlar va bolalarning sog‘lig‘i holatini doimiy nazorat qilish (tana haroratini muntazam o‘lchab borish), infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan xodimlar va bolalarni mashg‘ulotlardan chetlatish, shuningdek, sanitariya-gigiyena va dezinfeksiya talablariga qat’iy rioya etish talab etiladi.

Diniy tashkilotlar faoliyatiga quyidagi shartlar bilan ruxsat berilmoqda:

  • binolarining doimiy ravishda dezinfeksiya qilinishi;
  • ularning kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak"lar bilan jihozlash;
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi;
  • namoz vaqtida fuqarolarning oraliq masofasini 1,5 metr etib belgilash (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratgan holda);
  • har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37*S va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud bo‘lgan holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda kiritmaslik choralarini ko‘rish, jamoaviy diniy marosimlar (juma namozi va boshqalar)ni o‘tkazmaslik talab etiladi.

Barcha hududlarda ularning toifasidan qat’i nazar quyidagi karantin talablari saqlab qolinmoqda:

  • ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlash, uch kishidan ortiq yig‘ilmaslik, fuqarolarning tibbiy niqobdan hamda antiseptik vositalaridan foydalanishi;
  • ta’lim tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘ymaslik;
  • ko‘ngilochar ob’ektlar — tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • konsert, kinoteatr va sport tadbirlarini (professional futbol klublari o‘quv mashg‘ulotlari va O‘zbekiston professional futbol ligasi chempionatlari bundan mustasno) o‘tkazmaslik;
  • jamoat transporti harakatiga ruxsat bermaslik;
  • dehqon, qurilish bozorlari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat savdo nuqtalari (supermarket va boshqa yirik do‘konlar) kirish-chiqish joylarini pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash hamda har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 C va undan yuqori bo‘lgan holatda, ushbu majmualarga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
  • barcha tashkilotlar kirish-chiqish joylarini pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to‘shak"lar bilan ta’minlash hamda xodimlar tomonidan ijtimoiy masofa (2 metr)ni saqlagan holda faoliyat yuritishini ta’minlash;
  • qurilish-ta'mirlash ishlarida ob’ektlarning hududi to‘liq karantinga olinishi va hududiy sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari bilan birgalikda ob’ektlarda sanitariya-gigiyena tadbirlarining amalga oshirilib borilishi. Bunda, ushbu tashkilotlarning faoliyat olib borish davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilish, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli ob’ekt hududi doirasida tashkil etish.

“Qizil” toifaga kiruvchi hududlarda karantin cheklovlari talablarini bajarmaslik, shuningdek, “yashil” va “sariq” toifaga kiruvchi hududlarda ruxsat berilgan faoliyat turlarini o‘rnatilgan maxsus talablarga rioya etmagan holda amalga oshirish tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.