3 iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan video selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiy muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratgan.

«Bilasizlar, bizda 50 taga yaqin shahar va tumanlarimiz „qizil“ va „sariq“ hududlar hisoblanadi. Bu degani xavf-xatar hali borligidan dalolat. Dunyoda vaziyat hamon o‘ta og‘ir va murakkablashib borayapti. Mana ko‘p olimlar, mutasaddilarni agar o‘qisangiz, kuz bilan qishda koronavirus tarqalishi davomi etishi mumkinligi to‘g‘risida gapiryapti. Bular bekorga gapirmayapti. Biz hamma narsaga tayyor bo‘lishimiz kerak. Bu qancha davom etadi, hech kim bilmaydi. Iqtisod nuqtai nazaridan, har bir kunimiz bizga qarshi ishlayapti», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev pandemiya ko‘p sohalarda ish o‘rinlarini yaratishga, kambag‘allikka qarshi kurashishga katta zarar yetkazganini ta’kidladi.

«Bu sharoitda ishlashga, yashashga o‘rganishimiz kerak. Boshqa yo‘limiz yo‘q. Ish uslubimiz shunday bo‘lishi kerak: 50 foiz karantin, 50 foiz iqtisodiyot. Pandemiya sharoitida eng qudratli davlatlar ham, ko‘rib turibsizlar, iqtisodiyotda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha juda katta ish qilayapti. Biz yil boshidan ustuvor vazifamiz deb belgilangan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar qilganimiz uchun natija bo‘layapti. Aholi ko‘payyaptiku. Xudoga shukur, xalqimiz yosharyapti. Lekin har bir yoshga biz uy berishimiz kerak. Mana shuni biz hozir o‘ylayapmiz: qaysi yo‘l eng to‘g‘ri bo‘ladi?», — dedi u.

Iqtisodiy kompleks a’zolariga oyida ikki kun hamma iqtisodiy sektorga bo‘lingan odamlarni o‘qitish bo‘yicha topshiriq berildi. «Kredit berish qanday, pulni pul qilish bo‘yicha imkoniyat, bergan kreditimizning halol bo‘lishi uchun qayerdan sotib oladi. 3 so‘tixni nima qilsa bo‘ladi Namangan sharoitida? 30 so‘tixda Qashqadaryo bilan Jizzax sharoitida nima qilsa bo‘ladi?» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Xitoy tajribasini misol qilib keltirdi. «Xitoyni ko‘proq o‘qinglar, Den Syao Pin kim qancha ko‘proq o‘qisa, eng katta kuchini odamlarni o‘qitishga bergan. Oddiy o‘qitishga, oliygohda o‘qitish emas. Echki boqish qanday, kurka boqish qanday, baliq boqish qanday. Har bir xonadonga ikki metrlik suv qilib berar ekanda, o‘sha yerda baliq ushlar ekan», — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyev kambag‘illikni kamaytirish bo‘yicha alohida Xitoy tajribasini va boshqa davlatlar tajribasini o‘rganadigan institut tashkil etishni taklif qildi.

«Faqat yangi-yangi drayverlar bo‘lishi kerak. Eng katta kamchiliklarni bilib, O‘zbekiston sharoitida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha nima qilsa bo‘ladi. Alternativa bo‘lishi kerak. IT texnologiyalarini rivojlantirib, xarajatni kamaytirib, ish joyini ko‘paytirib, kambag‘allikni qisqartirish, boshqa manda maqsadim yo‘q», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda turizmni tiklash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

«Mana 1 iyundan boshlab ichki turizmni rivojlantirishga katta e’tibor berdik. Endi shu bilan birga tashqi turizmda ham qayerda ular bizni qabul qilishga tayyor bo‘lsa, biz ham tayyor bo‘lamiz. Biz darrov samolyotlarimizni uchiramiz. Mana, Turkiya bilan gaplashayapmiz, ular tashqi turizmni ochganidan, biz ham ochamiz», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.