O‘zbekistonda 2020 yil yanvar — aprel oylari mobaynida umumiy hajmi 2,5 mlrd AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning taqsimotiga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar — 1,7 mlrd va xorijiy kreditlar — 831 mln dollarни tashkil etdi. 2019 yil shu davrga nisbatan o‘sish sur’ati 1,6 barobarни tashkil etdi va o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi 26% gacha o‘sdi.

Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida 336 ta loyiha ishga tushirilgan: 8 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari va 328 ta hududiy ahamiyatga ega sanoat ob’ektlari.

Shu bilan birga, muayyan davrda Rossiya, Xitoy, Germaniya va Janubiy Koreya O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritgan davlatlar bo‘ldi va mamlakat iqtisodiyotiga sarmoya kiritayotgan davlatlarning umumiy soni esa 37 tani tashkil etdi.

Sohalar taqsimotida elektrotexnika sanoati (2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish — 24 barobar), kimyo sanoati (o‘sish — 13 barobar), charm va poyabzal (o‘sish — 2,5 barobar) sohasi investorlar uchun eng jozibador bo‘lgan. Neft va gaz sanoati (o‘sish — 2,3 barobar) va qurilish materiallarining ishlab chiqarilishi (o‘sish — 1,6 barobar) ham yaxshi o‘sish ko‘rsatkichlarni namoyish etganligi haqida vazirlik ma’lum qildi.

“To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlarning mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga yo‘naltirishda o‘sish tendensiyasi kuzatilib, hisobot davrida ularning umumiy qiymati 958 mln dollarни tashkil qildi va 2019 yilning shu davriga nisbatan 2,6 barobar oshdi. Hududlar kesimida yuqori o‘sish dinamikasi Jizzax (13 barobar), Namangan (9,4 barobar) va Surxondaryo (4,2 barobar) viloyatlarida kuzatilmoqda”, — deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2020 yilga tasdiqlangan Investitsiya dasturiga asosan moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan asosiy vositalarga 233,2 trln so‘m, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar — 7,1 mlrd dollar, davlat kafolati ostidagi xorijiy investitsiya va kreditlar — 2,7 mlrd dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Xususan, 2020 yilda 2 mingdan ortiq ijtimoiy, infratuzilma va sanoat ob’ektlarini: 206 ta yangi yirik ishlab chiqarish ob’ekti, 240 ta hududiy ahamiyatga ega ishlab chiqarish ob’ektlari hamda 1,6 mingta ijtimoiy va infratuzilmaviy ob’ektlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.