1 iyuldan O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirayotgan xorijiy aviatashuvchilar o‘z yo‘lovchilari to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlarni Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO)ning standart formatida Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlariga taqdim etadi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, IKAO standartlari va tavsiya etiladigan amaliyotini hisobga olgan holda chegara nazorati tartib-taomillari samaradorligini oshirish va soddalashtirish maqsadida xorijiy mamlakatlar havo kemalarining barcha ekspluatantlari tomonidan yo‘lovchilar bo‘yicha dastlabki ma’lumot taqdim etilishining majburiy tartibi joriy etildi.

Ta’kidlanishicha, xorijiy mamlakatlardagi aviatsiya ma’muriyatlari va xorijiy aviatashuvchilar DXX chegara qo‘shinlariga xalqaro tashuvchilar tomonidan yo‘lovchilar to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumot majburiy ravishda taqdim etilishi tizimi amalga kiritilishi to‘g‘risida xabardor qilinadilar.

“O‘z navbatida, mazkur tartibning joriy etilishi xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlari, bo‘lishlari va respublika hududidan chiqib ketishlarida qo‘shimcha qulayliklar yaratishga xizmat qiladi”, — deyiladida xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov “Gazeta.uz"ga “qizil”, “sariq” va “yashil” aviareyslarni tashkil etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.