4 iyun kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3874 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 20 nafari Karantin марказидаги (barchasi Qozog‘istondan chegara post orqali kelishgan) fuqarolar orasida, 1 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasida xorijdan kelgan xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisida, 1 nafari Toshkent viloyatida aholi orasida, 1 nafari Sirdaryo viloyatida koronavirusga chalingan bilan muloqotda bo‘lgan fuqaroda, qolgan 8 nafari esa Toshkent shahrida (shundan 3 nafar aholi orasida, yana 3 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan, 2 nafari xorijdan kelgan va karantinga olingan) aniqlangan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 844 kishi davolanmoqda. Ulardan 9 nafar bemor og‘ir, 2 nafar bemor esa o‘ta og‘ir ahvolda, deb baholanmoqda.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda 48 mingdan ortiq fuqaro karantin muddatlarini o‘tayapti. Ularning 21 mingdan ortiqrog‘i statsionar sharoitida, qolgan 27 ming nafari uy sharoitida karantin tadbirlari bilan qamrab olingan, dedi Nurmat Otabekov.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 3014 kishini tashkil etmoqda. O‘n olti kishi hayotdan ko‘z yumgan.