Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilish talab etilishi to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qaror loyihasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19 va 20-moddalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsdan Davlat tilini muloqot qilish uchun zarur darajada bilish talab etilishi belgilab qo‘yildi.

Shu bilan birga, chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash uchun imtihon o‘tkazish tartiblarini joriy etish ham ko‘zda tutilgan.

Bunda, Davlat tilini bilish darajasini aniqlash imtihonini o‘tkazish va davlat namunasidagi malaka sertifikatini berish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti (TDO‘TAU) huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi yoki uning hududiy bo‘linmalari tomonidan to‘lov asosida (bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida — hozirda 44 600 so‘m) amalga oshirilishi qaror loyihasida qayd etilgan.

Mazkur imtihon talabgorning doimiy yashash joyi bo‘yicha hududiy markazida o‘tkazilib, davlat tilini bilishga qo‘yiladigan minimal talablar asosida test shaklida amalga oshiriladi. Test sinovi O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan imtihon komissiyasi a’zolari va kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkaziladi.

“Test savollari soni 20 ta bo‘lib, 30 daqiqa vaqt beriladi. Test sinovi yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 50 foizidan kam (15 balldan kam) ball olgan talabgor o‘tmagan deb hisoblanadi va qayta qatnashish uchun, test sinovlari o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oydan keyin, belgilangan tartibda ariza bilan murojaat qilib, to‘lov to‘lagan taqdirda test sinovlariga qo‘yiladi”, — deyiladi qaror loyihasida.

Qaror loyihasiga muvofiq, Davlat tilini bilishga qo‘yiladigan minimal talablari qatorida talabgorlarning nutqiy, lingvistik va matnni tushunish kompetensiyalari tekshiriladi va muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga davlat namunasidagi malaka sertifikati topshiriladi.

Hujjat loyihasining muhokamasi 16 iyungacha davom etadi.