27 may kuni bosh vazir o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov prezident Shavkat Mirziyoyevga turizm sohasidagi loyihalarni taqdim etgan edi.

Uchrashuvda 16 martdan mamlakat xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun yopilgani sababli 1500 dan ortiq turoperatorlar va 1200 dan ziyod mehmonxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatgani qayd etildi. Bu 250 mingdan ziyod kishi, jumladan gidlar, hunarmandlar, arxitektura yodgorliklari va kurort muassasalari, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, transport va boshqa sohalardagi ishchilarning daromadlariga ta’sir ko‘rsatdi.

Davlat rahbariga sayyohlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimini o‘zida mujassam etgan «Uzbekistan. Safe travel guaranteed» («O‘zbekiston. Kafolatlangan xavfsiz sayohat») loyihasi taqdim etildi.

Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida loyiha doirasida turistik va yondosh ob’ektlarda xavfsiz xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha davlat standartlari ishlab chiqilib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi (SEOA) bilan kelishilganini ma’lum qildi. Ushbu choralar shaxsiy himoya va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofaga amal qilish, xavfsizlikni ta’minlash uchun qurilma va jihozlarni joriy etish hamda xodimlarni himoya qilishni ko‘zda tutadi.

Davlat tasarrufidagi ob’ektlarda ushbu choralar majburiy tartibda joriy etiladi. Ular nazorat-o‘tkazish punktlari, aeroportlar, temir yo‘l va avtomobil vokzallari, davlat moddiy-madaniy yodgorlik ob’ektlari, muzeylar, teatrlar va boshqalarga taalluqli.

SEOAning ijobiy xulosasini olgan ob’ektlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xavfsiz turizm ob’ektlari ro‘yxatiga kiritiladi.

Tadbirkorlik sub’ektlari uchun ixtiyoriy asosdagi sertifikatlash tizimi ishlab chiqilmoqda. Mehmonxona, kafe, restoranlar, sayyohlar uchun xususiy madaniy muassasalar va ko‘ngilochar ob’ektlar Turizm qo‘mitasi huzuridagi markazga ariza bilan murojaat etishlari lozim. Standartlarga mos kelgan ob’ektlarga sertifikatlar taqdim etiladi. Ular Xavfsiz turizm ob’ektlari ro‘yxatiga ham kiritiladi.

Bundan tashqari, ob’ektlarda sanitariya talablari va qoidalariga rioya etilishi ustidan monitoring yuritib, Xavfsiz turizm ob’ektlari ro‘yxatini kengaytirish bo‘yicha takliflar beradigan, turistik ob’ektlar xodimlarini o‘qitish va turoperatorlar tomonidan ishlab chiqilgan turizm mahsulotlari asosida sayohatlarni tashkil etishga ko‘maklashadigan jamoat tashkilotlari vakillaridan ishchi guruh tuziladi.

Turoperatorlar faqatgina Xavfsiz ob’ektlar ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarga sayohatlar tashkil etishlari lozim.

Bundan tashqari, sayyohlar harakat yo‘nalishlarini kuzatish uchun mobil ilova ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

«Uzbekistan. Safe travel guaranteed» loyihasi xorijlik fuqarolarni infeksion kasalliklardan sug‘urtalashni joriy etishni ko‘zda tutadi.

«Qizil», «sariq» va «yashil» reyslar

Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz»ga «qizil», «sariq» va «yashil» aviareyslarni tashkil etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Murakkab epidemiologik vaziyat kuzatilayotgan davlatlardan faqatgina „qizil“ reyslar tashkil etiladi. Ular — faqatgina o‘z fuqarolarimizni evakuatsiya qilish uchun. Epidemiologik xavf o‘rtacha darajada bo‘lgan davlatlardan „sariq“ reyslar tashkil etiladi. Parvozlar, ehtimol, yanada muntazam asosda amalga oshiriladi, biroq barcha yo‘lovchilar, baribir, karantinga olinadi», — dedi Turizm qo‘mitasi rahbari.

«Yashil» reyslar masalasida esa, ular koronavirus bilan bog‘liq vaziyat to‘liq nazoratga olingan davlatlardan amalga oshiriladi.

«Masalan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy — ushbu davlatlarda yangi koronavirus holatlari qayd etilmayapti yoki barcha holatlar to‘liq tegishli tibbiy va sanitariya xizmatlari nazorati ostida. Ushbu mamlakatlar bilan bosqichma-bosqich xalqaro aviaaloqalarni tiklash va O‘zbekistonga sayyohlik guruhlarini tashkil etish mumkin», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Ichki turizm

1 iyundan «yashil» va «sariq» karantin darajasidagi hududlarda ichki turizm qayta tiklandi. Ushbu sanadan boshlab ko‘rsatib o‘tilgan hududlarda turoperatorlar, turistik agentliklar, joylashtirish vositalari, madaniyat, moddiy yodgorlik ob’ektlari va boshqalar sanitariya-epidemiologik me’yor va talablarga qat’iy amal qilgan holda faoliyatini boshladilar. Turizmni jonlantirish uchun bozor ishtirokchilariga prezident farmoni bilan bir qator imtiyozlar va subsidiya dasturlari taqdim etildi.

Aziz Abduhakimov Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi sohilida sayyohlar dam olishi uchun sharoitlar yaratish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Ko‘llar tizimiga avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Chet ellik sayyohlar uchun «o‘yin hududlari» tashkil etiladi.

To‘dako‘l ko‘liga ham sayyohlarni dam olishga jalb etish rejalashtirilmoqda. Tadbirkorlar yordamida infratuzilmani yaxshilash va sayyohlar uchun o‘yin hududlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Dam olish kunlarini besh kunga qadar uzaytirib (bayram kunlari, birlashtirilgan dam olish kunlari), Golden Week amaliyotini qayta tiklash belgilangan.

Tadbirkorlarning reklama roliklari «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat» shiori ostida imtiyozli tariflar bo‘yicha tarqatiladi.

Shoping-turizmni rivojlantirish uchun qo‘shma yarmarkalar tashkil etish ham rejalashtirilmoqda.