Quvasoy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari «SH-T.» MCHJ rahbarlari bilan oldindan til biriktirib, katta miqdordagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quvasoy shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvga ko‘ra, ushbu mansabdorlar tumandagi Qo‘chqorchi, Namuna, Lashkar hamda Do‘stlik MFYlardagi ko‘chalarni yoritish uchun 60 dona metall ustun va ularga tungi chiroqlarni o‘rnatish bo‘yicha tanlov aslida o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, unda «SH-T.» MCHJ g‘olib bo‘lganligi haqida soxta hujjatlar tuzishgan.

Qayd etilgan ko‘chalarda 75,5 mln so‘mlik metall ustun va tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan bo‘lib, ishlar to‘liq bajarilganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirilgan. Jamiyat hisob raqamiga 278 mln so‘m o‘tkazilib, 202,4 mln so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan, deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan Quvasoy shahar Obodonlashtirish boshqarmasi mansabdor shaxslari hamda «SH-T.» MCHJ rahbarlariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.