Joriy yilning shu davrigacha Qashqadaryo viloyatidagi prezident Xalq qabulxonasiga 5693 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning 4349 tasi qanoatlantirilgan. Bu haqda prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, prezident Xalq qabulxonalari karantin kunlarida ham aholi murojaatlari bilan ishlashda davom etmoqda. Shu vaqtgacha murojaatlar onlayn tarzda qabul qilingan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati koronovirusdan holi “yashil” hududga kirganidan so‘ng yana ishlar har doimgidek yo‘lga qo‘yildi.


“Karantin talablariga qat’iy rioya qilinib, tibbiy niqoblarda, oraliq masofalarga e’tibor qaratilgan holda fuqarolarning muammolari tinglanyapti, murojaatlar qabul qilinib, ularning yechimi bo‘yicha chora tadbirlar ko‘rilyapti”, — deyiladi xabarda.


Jumladan, Qarshi shahridagi “Aral” mahallasida aholi murojaati asosida 3 qavatli, 630 o‘rinli umumta’lim maktabi qurildi. Shuningdek, “Gungon”, “G‘afur G‘ulom”, “Kat” mahallalarini kesib o‘tuvchi Alisher Navoiy va “Nasaf” ko‘chalarini ta’mirlash uchun respublika byudjetidan 16,150 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni paytda 4 tasmali yo‘lga aylantirish ishlari olib borilmoqda. Yo‘lning ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari qurilib, suv qochirish lotoklari barpo etilyapti. Yoritish tarmoqlari yangilanyapti. Tuproq, iqlim sharoitidan kelib chiqib, turli manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirilayapti. Yo‘l qurilishi munosabati bilan 700 dan ortiq ishsiz yoshlar ishga qabul qilindi.


Viloyatda 23 ta ishlab chiqarish kooperatsiyasi tashkil etildi. Ularga 732 nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar va yoshlar biriktirildi. Bandlikka ko‘maklashish markazi jamg‘armasi hisobidan kooperatsiya a’zolari uchun 2 milliard 566 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratildi.


Bundan tashqari, qir-adirlik va lalmi yerlar o‘zlashtirilib, 1 ming 365 gektar yangi yerlar ochildi. Samarasizligi tufayli foydalanishdan chiqarilgan 659 ga yerqaytadan ekin maydonlariga aylantirildi. Yangi ochilgan yerlarda sug‘orish tarmoqlarini yo‘lga qo‘yish uchun 22 ta artezian quduqlar qazilib, suv chiqarildi, 19 ta suv nasoslari yangidan o‘rnatildi, 15 km lotoklar qurildi, 16 km lik kanal va ariqlar tozalandi.


“Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida Qarshi tumanidagi"Xonobod" massivida qarovsiz,foydalanilmay turgan 93 gektar yer maydoni 132 nafar yigit-qizga imkoniyatiga qarab, 50 sotix va 1 gektardan bo‘lib berildi. Suv chiqishi qiyin bo‘lgan maydon tekislanib, shudgor qilindi. Hududdagi yaroqsiz ahvolga kelib qolgan transfarmator ta’mirlandi. Suv yo‘llari ochilib,3 ta artezian qudug‘i o‘rnatib berildi.

Imkoniyatlar hisobga olinib, ushbu hududda yana 500 gektar yerni o‘zlashtirish, 500 nafarijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga va yoshlarga bo‘lib berish rejalashtirilmoqda.