3 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda oxirgi bir oyda 32 ta charter reys orqali 8 mingga yaqin, chegara postlari orqali 20 mingdan ortiq fuqarolar mamlakatga olib kelinganligi, ularning ko‘pchiligida kasallik topilganligi aytilgan. Shuningdek, qariyb 200 nafar xalqaro yuk tashuvchi haydovchida koronavirus aniqlangan. Umuman, hozirgi kunda uy sharoitida 26 ming, statsionarda 21 ming kishi karantinda qolmoqda.

Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, pandemiya sharoitida O‘zbekistonda ishsizlar soni ko‘paygan. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarning 540 mingtasiga 307 mlrd so‘mlik ko‘mak berilgan.

Prezident asosiy maqsad kambag‘al oilaning hech bo‘lmaganda bitta a’zosini ish bilan ta’minlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shug‘ullanish zarurligini ta’kidladi.

«Bu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki xalqni rozi qilish uchun chin ko‘ngildan ishlash kerak», — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar ro‘yxatini shakllantirib, ularni kambag‘allikdan xalos etish rejasini ishlab chiqishi belgilangan. Viloyat hokimining iqtisodiyot va mahalla masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari sektorlar hamda tijorat banklari ishini muvofiqlashtirib, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga mas’ul bo‘ladi. Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida Respublika shtabi ularning hisobotini eshitib, muammolarini hal qilishga vazirlik va idoralar, tijorat banklarini jalb qiladi.

Prezident matbuot xizmati ushbu tizim Yagona ijtimoiy reyestr uchun ham katta zamin bo‘lishini aytmoqda. Mutasaddilarga yil oxirigacha mazkur reyestrni vazirlik — viloyat — tuman — mahalla kesimida to‘liq joriy etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Kambag‘allik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4 ta hisoblash usuli Farg‘ona viloyatining Toshloq tumani misolida sinovdan o‘tkazilishi belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal iste’mol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.