Microsoft kompaniyasi Windows 10 operatsion tizimi yangilanganini ma’lum qildi. Operatsion tizimning 2020 yil may oyidagi talqinini «Sentr obnovleniya Windows» («Windows yangilash markazi») bo‘limidan o‘rnatish mumkin.

Biroq yangi talqin nosozliklardan holi bo‘lishi uchun bu safar avtomatik tarzda o‘rnatilmaydi. Foydalanuvchilar «Proverit nalichiye obnovleniy» («Yangilash mavjudligini tekshirish») tugmasini bosib, uni o‘zlari mustaqil o‘rnatishi kerak bo‘ladi.

Windows 10 ning yangi versiyasida nafaqat nosozlik va xatolar tuzatildi, balki qo‘shimcha funksiyalar ham kiritildi.

Tizimni onlayn yangilash


Bulutli yangilanishga kamida 4 GB sarflanishi xaqida ogohlantirish. Foto: vc.ru

Endi yangilanishlarni nafaqat USB-qurilma, disk yoki rezerv xotiradan, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn yuklash ham mumkin. Tizim kompyuterda qaysi talqin o‘rnatilganini inobatga olib, yangi versiyalarni onlayn tarzda o‘rnatadi. Avval USB-xotiralardan foydalanganlar uchun esa tizimni tiklash osonlashadi.

Qidiruv tizimining optimallashuvi

Windows 10 ning yangi talqinida indeksatsiyaning disk va protsessorlarga bo‘lgan bosimi kamaytirilgan. Indeksatsiya — operatsion tizim kompyuterda joylashgan fayllarni belgilab, izlash jarayonini tezlashtirish uchun kerak bo‘ladi. Bu jarayonni kitob xatcho‘plari bilan tenglashtirish mumkin.

Fayllar indeksatsiyasi algoritmi yangi versiyada tezroq ishlaydi: tizim va disklar og‘ir bosimda ishlayotgan vaqtda indeksatsiya qo‘shimcha og‘irlik yaratmaydi. Foydalanuvchi odatda fayl saqlanmaydigan joylarni tizim izlash vaqtida inkor qiladi: bu operatsion tizimning ichki jildlari, dasturiy ta’minotning fayllari joylashgan bo‘limlar bo‘lishi mumkin.

Cortana ovozli yordamchisi

Microsoft ovozli yordamchisi endi alohida dastur bo‘ldi. Bungacha u tizimning bir qismi bo‘lib, uni alohida yangilashning iloji yo‘q edi. Endi bunga hojat yo‘q hamda uni Edge brauzeri va «Pochta» kabi Microsoft Store orqali alohida yangilash mumkin.

Shu bilan birga, uning funksiyasi ham kuchaytirildi. «Yandeks Alisa» va «Google Assistant"larning standart sanalmish musiqa boshqaruvi, «aqlli uy» va ko‘shimcha imkoniyatlari Cortana dasturida hanuzgacha mavjud, faqat bu safar Microsoft kompaniyasi samaradorlik va taym-menejmentga ko‘proq e’tibor qaratdi: eslatmalar, taqvimdagi vazifalarni boshqarish va ish bilan bog‘liq boshqa qo‘shimchalar.

Cortana Microsoft 365 dasturiga ham o‘rnatildi. Video: Microsoft 365

Yangilanishlarni boshqarish va yuklash tezligini sozlash

Endilikda «Sentr obnovleniya Windows («Windows yangilash markazi») bo‘limidagi barcha muhim bo‘lmagan yangi komponentlar va ayrim fayllar «Posmotret neobyazatelnыye obnovleniya"(«Ixtiyoriy yangilanishlarni ko‘rish») sahifasida yig‘iladi, foydalanuvchilar esa qaysilarini o‘rnatishni o‘zlari tanlashadi. Avval bu funksiyaning bo‘lmaganligi keraksiz komponentlarning so‘rovsiz o‘rnatilishiga olib kelib, foydalanuvchilarga noqulayliklar tug‘dirgan.

Shuningdek, foydalanuvchilar yangilanishlarning yuklanish tezligini ham o‘zlari sozlashi mumkin. Bu «Parametrы» («Sozlamalar») → «Obnovleniye i bezopasnost"(«Yangilanish va xavfsizlik») → «Optimizatsiya dostavki» («Yuklash sozlamalarini optimallashtirish») → «Dopolnitelnыye parametrы» («Qo‘shimcha sozlamalar») bo‘limida joylashgan bo‘lib, kerakli qiymatni aniq (megabayt/soniya) yoki tarmoq umumiy tezligining foizida o‘rnatish mumkin.

Boshqa kichik yangilanishlar

  • «Sostoyaniye seti» («Aloqa holati») sahifasi yangilandi: endi u yerda tarmoqlar va internet haqida ko‘proq ma’lumot bor, masalan, sarflangan trafik miqdori;

  • «Dispetcher zadach» («Vazifalar dispetcheri») ilovasining «Proizvoditelnost» («Samaradorlik») bo‘limida grafik kartaning (video-grafika platasi) harorati va ma’lumot saqlash qurilmasining turini ko‘rish mumkin: HDD («hard disk drive — qattiq disk yurituvchi») yoki SSD («solid-state drive — qattiq qobiqli disk»).

  • WordPad, Paint va «Bloknot» endi Windows tizimining standart komponenti emas. Avval ularni o‘chirish imkoniyati bo‘lmagan bo‘lsa, endi o‘chirib tashlab, zarur bo‘lsa «Dopolnitelnыye komponentы» sahifasidan qayta o‘rnatish mumkin;

  • «Upravleniye glazami» («Ko‘z bilan boshqarish») funksiyasi imkoniyati cheklangan odamlar uchun maxsus qurilma yordamida fayl va yorliqlarni boshqarish qo‘shimchasiga ega bo‘ldi;

  • «Win+Tab» tugmalar kombinatsiyasi yordamida chaqiriladigan «Virtualnыye rabochiye stolы» («Virtual ish stollari») funksiyasi endilikda ish stollarining nomini o‘zgartirish imkonini beradi, ularning holati esa kompyuter o‘chib-yonganda ham saqlanib qoladi.

Yangi versiyani o‘rnatishga shoshilmang

Microsoft kompaniyasi agar yangilanishlar nosozliklar sababli avtomatik tarzda o‘rnatilmasa, ularni «majburlab» o‘rnatmaslikni maslahat berdi. Hozirda ro‘yxatda 11 ta nosozlik mavjud bo‘lib, ularning aksariyati kompyuterning ichki uskunalari bilan bog‘liq: Bluetooth-ulanish orqali bittadan ortiq qurilma ulana olmasligi bir vaqtning o‘zida simsiz klaviatura, kompyuter sichqonchasi va quloqchinlardan foydalanadigan foydalanuvchilarga muammo tug‘diradi. Audioqurilmalarning mahsus dastur-drayverlari bilan yuzaga kelgan muammo kompyuterni «ko‘k ekran» kritik holatiga olib keladi.

Windows 10 operatsion tizimida kritik xato haqida xabar beruvchi"ko‘k ekran". Foto: Ferra.ru

Videoo‘yinlar ishqibozlarini ham bu muammo chetlab o‘tmadi: agar operatsion tizimda GameInput texnologiyasi ishlatilgan o‘yin va dasturlar bo‘lsa, kompaniya yangi versiyani o‘rnatmaslikni maslahat beradi. Sababi yangilanishdan so‘ng «o‘yin va dasturlar hamda kompyuter sichqonchasi orasida aloqa uzulib qoladi», deb ta’kidlaydi Microsoft

Agar foydalanuvchining kompyuterida ro‘yxatda keltirib o‘tilgan nosozliklardan birortasi mavjud bo‘lsa, ular bartaraf etilmaguncha, Windows 10 tizimi avtomatik tarzda yangilanmaydi.