Koronavirus pandemiyasi davrida qishloq xo‘jaligi sohasi Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiyotini barqarorlashtirish va asosiy o‘sish omili bo‘lishi mumkin, deya ta’kidlandi Jahon bankining mintaqa OAVlari va ekspert guruhlari uchun o‘tkazgan onlayn-brifingida. Bu haqda JBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi “Gazeta.uz” ga ma’lum qildi.

Jahon bankining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yetakchi iqtisodchisi Sergiy Zoryaning ta’kidlashicha, COVID-19 pandemiyasi global oziq-ovqat bozorlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmaganiga qaramay, uning oqibatlari Markaziy Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi eksportiga tahdid solishi mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qisqa muddatda (1−3 oy) mintaqa davlatlari muayyan qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. Masalan, oziq-ovqatning ayrim turlariga narxlarning oshishi va kam daromad tufayli aholining ehtiyojmand guruhlarining xarajat imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Shu bilan birga, xom-ashyo (urug‘lar va o‘g‘itlar) zanjiridagi uzilishlar qishloq xo‘jaligi ishlarining kechikishiga olib keladi va kelajakda turli ekinlarning hosiliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi prognoz qilinmoqda.

O‘rta muddatli istiqbolda (6 oygacha) iqtisodiy pasayish, mehnat muhojirlari pul o‘tkazmalarining kamayishi va mintaqa mamlakatlarida milliy valyutalarning qadrsizlanishi natijasida ichki oziq-ovqat iste’molining kamayishi kutilmoqda. Bundan tashqari, iqtisodiy inqiroz tufayli aholisining xarid qobiliyati pasaygan Rossiyada (mintaqa iqtisodiyotining asosiy savdo bozori) Markaziy Osiyodan keladigan meva va sabzavotlarga talabning pasayishini kutsa bo‘ladi. Karantin cheklovlari joriy etilganligi sababli faoliyati zarar ko‘rgan mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining kreditlarni to‘lashda qiyinchiliklar yuzaga keladi”, — deydi Sergiy Zorya.

Pandemiya sharoitlarida Markaziy Osiyo davlatlari oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash uchun tezkor choralarni ko‘rishdi. Jumladan, hukumatlar davlat oziq-ovqat zaxiralaridan foydalanishdi, mahsulotlar narxi ustidan nazorat o‘rnatishdi, ularning narxini pasaytirish uchun eksport cheklovlari olib tashlandi va import mahsulotlariga bo‘lgan tariflar pasaytirildi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish va soha ishchilarining harakatlanishi bo‘yicha cheklovlarni olib tashlashdi, fermer va agro-tadbirkorlarning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun ularga kreditlarni to‘lash bo‘yicha va boshqa imtiyozlar berildi.

“2020 yilda qishloq xo‘jaligi Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, boshqa sohalarga qaraganda, qishloq xo‘jaligi ko‘proq odamlarni ish bilan ta’minlashi mumkin”, — deya ta’kidladi Sergiy Zorya.

Ekspertning fikriga ko‘ra, pandemiyadan keyin davlatlar Markaziy Osiyodagi qishloq ho‘jaligi savdosini tiklashga, sanitariya va fitosanitariya xavfsizligi bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, davlat oziq-ovqat zahiralarini boshqarish hamda veterinariya xizmatlariga investitsiyalarni ko‘paytirish va agromahsulotlar sohasini raqamlashtirishga o‘z e’tiborlarini qaratishlari kerak.

Hozirda Jahon banki tomonidan Markaziy Osiyo davlatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun 1,6 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ular qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan, deya ta’kidlagan JBning Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha direktori Liliya Burunchuk.

Sergiy Zoryaning ma’lum qilishicha, oxirgi ikki oy ichida JB tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston davlatlariga tezkor moliyalashtirish doirasida 370 mln AQSH dollari taqdim etildi. Bu mablag‘lar milliy sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va ehtiyojmand aholi qatlamlariga ko‘mak berish uchun yo‘naltirildi. Jahon banki mintaqadagi davlatlar hukumati bilan birga resurslarni qayta taqsimlash uchun moliyalashtirilayotgan loyihalarni o‘rganish va vaziyatni baholash amalga oshirmoqda. Jahon banki mintaqa davlatlarining iqtisodiyotini tiklash uchun qo‘shimcha moliyalashtirish jalb qilishni rejalashtirmoqda.

Sergiya Zoryaning ta’kidlashicha, ushbu choralar koronavirus pandemiyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligiga salbiy oqibatlarini yumshatish imkonini berdi. Qishloq xo‘jaligi sohasining har bir mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi farq qiladi: Qozog‘istonda — 4,4%, Qirg‘izistonda — 11,6%, Tojikistonda — 19,2%, Turkmanistonda — 20% va O‘zbekiston — 28,8%.