Finlandiya O‘zbekistonda Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik jamg‘armasining yangi donori bo‘ldi. Bu haqda jamg‘armaning rasmiy saytida e’lon qilindi.

2019 yilning noyabrida Bryusselda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashining 15-uchrashuvida Finlandiya tashqi ishlar vaziri mamlakat hukumati Orolbo‘yi mintaqasi uchun BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast jamg‘armasiga 1 mln yevro ajratishga qaror qilganini ma’lum qilgan edi.

29 may kuni Finlandiya Hukumati va BMT ko‘psheriklik trast jamg‘armasining Nyu-Yorkdagi Ofisi Finlandiya tomonining Trast jamg‘armasiga 1 million yevro miqdorida hissa qo‘shishi to‘g‘risida bitimni imzoladi.

Xabarga ko‘ra, Finlandiya hukumati hissasi Trast jamg‘armasiga kelib tushgandan keyin, bu mablag‘lar barcha manfaatdor tomonlar tomonidan kelishilgan va inson xavfsizligining konsepsiyasi nazari orqali o‘zaro bog‘liq muammolarni hal qilishga qaratilgan Jamg‘armaning Yagona strategiyasini amalga oshirish uchun quyidagilar ishlatiladi:

  • Ekologik xavfsizlik;
  • Iqtisodiy xavfsizlik;
  • Oziq-ovqat xavfsizligi;
  • Aholi salomatligi xavfsizligi;
  • Ijtimoiy xavfsizlik;
  • Donorlar yordamining samarasizligi.

Ma’lumotda aytilishicha, hozirga paytga qadar O‘zbekiston hukumati tomonidan Trast jamg‘armaga 3,5 mln dollar miqdorida mablag‘ o‘tkazildi. Shuningdek, Norvegiya hukumati 2019 yilning mart oyida 1,1 mln dollar miqdorida, Yevropa Ittifoqi mart oyida 5,0 mln Yevro miqdorida jamg‘armaga hissa qo‘shgan.

2018 yilda BMT shafeligida tashkil etilgan Trast jamg‘armasi Orolbo‘yi mintaqasida istiqomat qiluvchi hamjamiyatlarning ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini hal qilishda milliy va xalqaro darajada hamkorlikni amalga oshirish va barqaror rivojlanish sohasida global maqsadlarga erishish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni tezlashtirish uchun yagona maydonni taqdim etadi.