Qashqadaryo viloyatida o‘zini DXX xodimi deb tanishtirib, fuqarolardan firibgarlik yo‘li bilan pul talab qilib yurgan shaxs ushlandi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi (video).

Aniqlanishicha, Nishon tuman IIB profilaktika inspektori leytenant Jasur Omonovga Furqat ismli shaxs qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini DXX xodimi deb tanishtiradi va unga Nishon tumanidagi dehqon bozori hamda tuman hokimligi oldidagi ikkita holat bo‘yicha videoyozuv borligini aytib, aldaydi.

Agarda 200 AQSH dollari bersa, go‘yoki profilaktika inspektorining noqonuniy xatti-harakatlari tasvirlangan ushbu videoyozuvlar bilan bog‘liq muammoni hal qilib berishini bildiradi.

DXX xodimlarining prokuratura va IIO vakillari bilan Qarshi shahrida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida fuqaro Furqat Ochilov profilaktika inspektoridan 200 dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.

«O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1996 yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan Ochilov Furqat Normurod o‘g‘lining yonidan DXX chegara qo‘shinlarining soxta guvohnomasi va bir necha fuqaroning pasport nusxalari hamda fotosuratlari topildi. Shuningdek, u vaqtinchalik yashab kelgan Nishon tumani Ulug‘bek MFYdagi uyidan leytenant unvonidagi DXX xodimining harbiy kiyimi ashyoviy dalil sifatida olindi», — deya ma’lum qildi DXX xodimi Mahliyo Valiqulova.

Ta’kidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgani uchun unga nisbatan IIO tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan. Hozirda tergov harakatlari doirasida Furqat Ochilovga soxta guvohnomani kim tayyorlab bergani va undan jabr ko‘rgan yana boshqa fuqarolarni ham aniqlash borasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, deyiladi xabar yakunida.