3 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, pandemiya sharoitida O‘zbekistonda ishsizlar soni ko‘paygan. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Karantinning birinchi kunlaridan bu borada zarur choralar ko‘rilib, ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 10 foizga oshirilgan edi.

Bugungi kunda boquvchisini yo‘qotgan oilalar soni 155 ming, 5 nafardan ortiq farzandi bor kam ta’minlangan oilalar soni 81 ming, yolg‘iz yashovchi keksalar 16 ming nafarni tashkil etmoqda. Lekin ajratilayotgan ijtimoiy yordamlar ehtiyojmandlarga to‘liq yetib bormayotgan holatlar ham ko‘p.

Shu bois Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga qo‘shimcha ajratilgan 992 mlrd so‘m mablag‘ni hamda «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasidagi 70 mlrd so‘m qoldiqni muhtoj oilalarga aniq va adolatli yetkazish bo‘yicha qat’iy topshiriq berildi.

Pandemiya davrida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilingan qarorlar doirasida yil yakuniga qadar qo‘shimcha 235 mingdan ziyod oilaga moddiy yordam ajratilishi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev ishsizlik darajasi yuqori, infratuzilma tarmoqlari yetishmaydigan tumanlar, ayniqsa, chegaradosh hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish bo‘yicha alohida yondashuv bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga mahalliy hokimliklar bilan birgalikda shunday tumanlarda aholi bandligini oshirish va yashash sharoitini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida 300 ming aholini jamoat ishlariga jalb qilish, 265 ming nafarini ishga joylashtirish, jumladan, vazirlik jamg‘armasi hisobidan shaxsiy tomorqalarga 36 mlrd so‘m subsidiya ajratish orqali 18 ming kambag‘al aholi bandligini ta’minlash imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

2020 yilda sanoat sohasida 7,5 mingta hududiy loyihani amalga oshirish hisobiga 145 ming nafar kambag‘al aholini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, qiymati qariyb 11 mlrd dollar bo‘lgan 206 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirib, 31 mingdan ziyod yuqori daromadli ish o‘rni yaratish choralari belgilangan. Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziriga ushbu loyihalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Qishloq xo‘jaligida ham kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘p deya qayd etildi yig‘ilishda. Birinchi yarim yillikda 38 ming gektar yerni oborotga kiritish hisobiga 25 ming nafar, yil yakuniga qadar yana qo‘shimcha 51 ming gektarni o‘zlashtirish evaziga 45 ming odam bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Bu yerlarning 20 ming gektari kam ta’minlangan oilalarga beriladi.

Xuddi shuningdek, g‘alladan bo‘shaydigan 120 ming gektar maydonni takroriy ekin uchun ajratib, 300 mingga yaqin oilaga daromad manbai yaratish belgilangan. Bundan tashqari, paxta-to‘qimachilik klasterlarining 965 mln dollarlik 107 loyihasini amalga oshirish natijasida 28 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etiladi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan kam ta’minlangan 28 ming xonadonga naslli echki, 50 mingta oilaga parranda, 100 mingtasiga naslli quyon tarqatiladi.

Inqirozga qarshi kurashishi jamg‘armasidan ajratilgan 3,6 trln so‘m hisobidan bajariladigan qurilish-pudrat ishlariga 85 ming nafar odamni jalb qilish mumkinligi aytib o‘tildi.