«O‘zagrosug‘urta» AJ so‘nggi bir oy ichida tabiiy ofatlar oqibatida zarar yetkazilgan sug‘urtalangan mol-mulk uchun qariyb 5 mlrd so‘mlik sug‘urta tovonini to‘lagan.

Jumladan, Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanida baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi Umidjon Boybekov toshqin yuz bergandan bir oy o‘tib o‘zining baliqchilik faoliyatini qayta tiklash va 200 gektardan ortiq xavzani tozalashga qaror qilgan.


«Ish ko‘lami ko‘p vaqt va xarajat talab qilgani bois, zarur texnika vositalari davlat tomonidan bepul ta’minlanishidan umid bog‘lab, O‘zbekiston bozoridagi eng xaridorgir zog‘ora, amur va do‘ng peshona baliq navlaridan tahminan 500 tonna yetishtirishni mo‘ljallangan edik. Afsuski, ko‘rilgan umumiy zarar 3 mlrd so‘mdan oshishi mumkin», deydi telefon orqali bergan suhbatida «Navruz qut baraka» MCHJ rahbari U.Boybekov.


Baliqchilik mavsumiy biznes. Shuning uchun fermer xo‘jaligiga muvaqqat ishchilar yollanadi. Mavsumga qarab 5−30 nafargacha ishchi kuchi talab etiladi. Kuzda baliq sotish boshlanadi. Baliq naviga ko‘ra, narx-navosi 25−35 ming so‘m qiymatda sotiladi.

«Mirzaobod baliqchilikka ixtisoslashgan rayon. Bizning „Mirzacho‘l“ mahallamizda yo‘q deganda 40 tacha shunday fermer suv toshqinidan zarar ko‘rdi. Eng yomoni, ularning 50−60 foizida na hovuz va na baliqlar sug‘urtalanmagan. Shundan kelib chiqib, aksariyat tadbirkor va fermerlar faoliyatini davom ettirish uchun hukumatdan yordam so‘rashga majbur», — deya muammoning boshqa muhim tomoniga e’tibor qaratdi mirzaobodlik tadbirkor.

«O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati «Navruz qut baraka» MCHJga qarashli baliqchilik xavzasi va binolariga yetkazilgan zarar bo‘yicha 138 mln so‘mlik sug‘urta qoplamalarini to‘liq amalga oshirdi.

«Fermerlar hamon falokat bilan kurashmoqda. Aqlli tadbirkor bunday kurashni ancha avvalroq boshlaydi. „O‘zagrosug‘urta“ AJ garovga qo‘yilgan mulkim uchun tovonni tez fursatda fermer xo‘jaligi hisob raqamiga ko‘chirib berdi. Bu bilan ko‘rilgan zararning bir qismi qoplanadi, xolos. Kech bo‘lsada bildimki, har qaysi biznesmen favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq xatarlarni doim sug‘urtalashi va moliyaviy xizmatlardan doimo foydalanishi ma’qul. Zero, favqulodda holatlarda davlat yordamiga ko‘z tikish haqiqiy tadbirkor uchun vaziyatdan chiqishning eng maqbul yo‘li emas», — deya fikrini yakunladi tadbirkor U.Boybekov.


«O‘zagrosug‘urta» kompaniyasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning bizneslari to‘xtab qolmasligi va moliyaviy holati tezroq tiklanishi uchun aniqlangan zararlar qisqa muddatlarda qoplanishiga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, so‘nggi bir oy ichida tabiiy ofatlar uchun to‘langan sug‘urta tovoni qariyb 5 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Reklama huquqi asosida