Toshkent viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Baxtiyor Boltaboyev vazifasidan ozod etildi, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Baxtiyor Boltaboyev ekani aytilgan shaxsning xodimlarini o‘z kabinetida so‘kayotgani aks etgan video tarqalgan edi. SSV uning Baxtiyor Boltaboyev ekanini tasdiqladi.

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Viloyat Sanitariya -epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Baxtiyor Boltaboyevning qo‘l ostidagi xodimlari bilan o‘ta qo‘pol va axloqiy me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydigan tarzdagi suhbati muhokama qilinib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rildi, deyiladi xabarda.

Bosh vrach sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyevning tegishli bo‘yrug‘i bilan o‘z vazifasidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda hududiy Sanitariya-epidemiologik markazlari rahbarlarining noqonuniy xatti-harakatlariga oid xabarlar tez-tez tilga olmoqda. Avvalroq Buxoro viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi va vrach-dezinfeksionisti dezinfeksiya vositalarini aslidagidan qimmat narxlarda sotib olib, 204,6 mln so‘mlik byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgani xabar qilingan edi. Keyinroq Navoiy viloyat SEOM bosh vrachining ham xuddi shu yo‘l bilan 222,3 mln so‘mni talon-toroj qilgani aniqlandi.