1 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov bir kun muqaddam o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Chashma bulog‘i yaqinida sodir bo‘lgan kelishmovchilikni bartaraf etish uchun Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga bordi.

Mahalliy aholi bilan uchrashuvda So‘x-Rishton yo‘lining ochilishi masalasi ham ko‘tarildi. Uning ochilish marosimi 2019 yilning 30 avgust kuni bo‘lib o‘tgan, biroq 5 sentyabrda yo‘l “hali to‘lig‘icha ochilmagani” ma’lum bo‘lgan edi.

Qirg‘iziston bosh vaziri o‘tgan yili Jenish Razakov o‘tgan yili Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasida Qirg‘iziston oldida veterinar va fitosanitar xavfsizlik bo‘yicha majburiyatlar borligi sababli u bilan bog‘liq masalalarni hal etish lozimligini ta’kidlagan edi.

Abdulla Aripov ham yo‘lning yopilishi YeOII talablari bilan bog‘liq ekanini tasdikladi.

“O‘tgan yili Rishton-So‘x yo‘lini ochish masalasini qo‘ygandik. Ikki kun ishladi, to‘g‘rimi, keyin yana yopildi. Bugun uchrashuvda Qirg‘iziston delegatsiyasi rahbari buning uchun uzr so‘radi. Ular Yevroosiyo ittifoqiga a’zo bo‘lgani uchun, ularning talabi bilan yopishga majbur bo‘lgan”, — dedi bosh vazir.

Biroq yaqin vaqtlarda vaziyat o‘zgarishi kutilmoqda. “Xabaringlar bor, O‘zbekiston ham ittifoqqa kuzatuvchi sifatida a’zo bo‘lyapti. Kuzatuvchi ham hamma huquqlarga ega bo‘ladi”, — deya qayd etdi hukumat rahbari.

“Qirg‘iziston tomoniga birinchi bo‘lib Rishton-So‘x yo‘lini qisqa muddatda ochish masalasini qo‘ydik. Bu degani Farg‘onaga yoki Vodilga olib boruvchi yo‘l 80 kilometrga qisqaradi. Endi u [Qirg‘iziston hukumat rahbari] davlat rahbariga borib aytadi. Men ham Prezidentga bu yerdagi gaplar bo‘yicha hisobot beraman”, — dedi Abdulla Aripov.

11 may kuni Oliy Majlis Senatida ko‘pchilik ovoz bilan O‘zbekistonning YeOIIga kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ma’qullangan edi.