Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan «Karvon» bozori karantin qoidalariga rioya etilmayotgani uchun vaqtincha yopildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev «Bir hududda bir kun» loyihasi doirasida G‘uzorga tashrif buyurgan va tumandagi «Karvon» bozorining karantin qoidalariga amal qilmay ishlayotganligiga guvoh bo‘lgan.


«Bu bozor virus uchun tayyor o‘choqku, — degan viloyat rahbari. — Bozorning 9 ta kirish joyi bor, qani sanitariya, profilaktik tadbirlar yo‘q. Bozor tezkor dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish uchun karantinga yopiladi».

Xabarda «Karvon» bozori Qashqadaryo viloyatidagi karantinga yopilgan yettinchi bozor bo‘lgani ta’kidlab o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, 23-may kuni «O‘rikzor» savdo majmuasi vaqtinchalik yopilgani xaqida xabar bergan edik.