AQSHda bir haftadirki irqchilik va politsiyaning o‘zboshimchaligiga qarshi ommaviy namoyishlar davom etmoqda. Namoyishlar afroamerikalik Jorj Floydning oq tanli politsiyachi qo‘lida o‘lim topganidan so‘ng boshlangan edi.

Politsiya 25 may kuni Minneapolisda (Minnesota shtati) do‘konda 20 dollarlik soxta chekdan foydalanganlik gumon qilib Jorj Floydni qo‘lga olgan edi. Ushlash vaqtida politsiyachilardan biri — Derek Shoven — Floydni yerga yotqizib, tizzasi bilan tomog‘idan 8 daqiqa davomida bosib turgan. Qurolsiz erkak ofitserga nafas ololmayotganini aytib, qo‘yib yuborishini iltimos qiladi. So‘ngra hushidan ketadi. Sud-tibbiy ekspertiza natijalari Floydning qotillik natijasida o‘lganini ko‘rsatdi.

Jorj Floyd o‘lganidan bir kun o‘tib Minneapolisda norozilik aksiyalari boshlandi. Minglab odamlar “Nafas ololmayapman” va “Qora tanlilar hayoti ahamiyatga ega” shiorlarini ko‘tarib ko‘chalarga chiqdi. Floydni qo‘lga olishda ishtirok etgan to‘rt nafar politsiyachi ishdan bo‘shatildi. Ofitser Shovenga esa keyinroq qotillik ayblovi e’lon qilindi.

27 maydan namoyishlar butun mamlakat bo‘ylab yoyildi. Ayrim aksiyalar politsiya bilan to‘qnashuvlar va ommaviy tartibsizliklar, talon-torojlarga (maroderlik) aylanib ketdi. 29 may kuni namoyishchilar Vashingtonda Oq uy qarshisida to‘plandi. Maxsus xizmatlar prezident Donald Tramp va uning oilasini qisqa muddaga yer osti bunkeriga yashirdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, eng kamida 40 ta shahar, jumladan Nyu-Yorkda komendantlik soati joriy etildi. Eng kamida 23 ta shtatda Milliy gvardiyaning 17 mingdan ziyod askarlari faoliyat olib bormoqda.

Politsiya namoyishchilarni ko‘zdan yosh oqizuvchi va qalampirli gaz, rezina va bo‘yoqli o‘qlar bilan tarqatmoqda. Minglab namoyishchilar qo‘lga olindi, halok bo‘lganlar bor.

2 iyunga kelib Jorj Floyd o‘limiga qarshi Amerikaning Black Lives Matter harakatini qo‘llab-quvvatlab London, Parij, Amsterdam, Berlin va Rio-de-Janeyroda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi.