Bundan ikki yil avval Marg‘ilon shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyida sodir bo‘lganlarni yaxshi eslasangiz kerak. O‘shanda ko‘pchiligimiz bolalarni jinsiy va jismoniy zo‘rlash hamda muassasa pullarini talon-toroj qilishda ayblangan bolalar uyi xodimlari ustidan “o‘ta yumshoq hukm chiqarilganidan” juda norozi bo‘lgan edik. Yakunda bolalarga qarshi mudhish jinoyatlarni sodir etgan direktor o‘rinbosari va boshqalarga uzoq muddatli qamoq jazolari tayinlandi. Biroq ushanda faqatgina aybdorlar jazolandi. Endi muammoning asl ildizlariga nazar tashlash vaqti keldi — ya’ni bolalar uylarining mavjudligi bilan bog‘liq muammolarga.

“Gazeta.uz"ning 2374 nafar o‘quvchisi ishtirok etgan mehribonlik uylari mavzusidagi so‘rovni mutlaq haqiqat deb qabul qilib bo‘lmaydi. Ammo uning natijalari ahamiyatga molik. Chunki so‘rov vasiylik masalasi ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan mavzu ekanini ko‘rsatdi. Mehribonlik uylariga nisbatan ishonch yetarlicha emasligiga qarmay, so‘rovnoma ishtirokchilarining deyarli yarmi hali ham O‘zbekistonda mehribonlik uylari zarur ekanligini qayd etishgan. Shu bilan birga, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi ular haqda ijobiy fikrda.

“Gazeta.uz"ning 2374 nafar o‘quvchisi ishtirok etgan mehribonlik uylari mavzusidagi so‘rovni mutlaq haqiqat deb qabul qilib bo‘lmaydi. Ammo uning natijalari ahamiyatga molik. Chunki so‘rov vasiylik masalasi ko‘pchilikni o‘ylantirayotgan mavzu ekanini ko‘rsatdi. Mehribonlik uylariga nisbatan ishonch yetarlicha emasligiga qarmay, so‘rovnoma ishtirokchilarining deyarli yarmi hali ham O‘zbekistonda mehribonlik uylari zarur ekanligini qayd etishgan. Shu bilan birga, respondentlarning deyarli uchdan bir qismi ular haqda ijobiy fikrda.

Respondentlarning atigi 5 foizi deinstitutsionalizatsiyani mehribonlik uylari va boshqa maxsus muassasalarning yopilishi bilan bog‘lashadi va 24 foiz o‘quvchilar bu nima ekanligini bilishmaydi. Eng avvalo, deiinstitutsionalizatsiya deganda vasiylikning oilaviy shakllarini rivojlantirish va bolalarni tarbiya uchun oilalarga topshirish, shuningdek, oilaviy bolalar shaharchalarini rivojlantirish tushuniladi.

Albatta, hammamizning ham niyatimiz yaxshi va balki ota-onalar qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yetimlar va bolalar uchun barpo etilgan muassasaviy vasiylik tizimidan boshqa muqobilini ko‘rmayotgandirmiz. Ammo ezgu niyatlar bilan jaxannamga yo‘l hozirlandi.

Bolalar oilalarga tegishli, mehribonlik uylariga emas

Marg‘ilon shahridagi 1-mehribonlik uyida sodir bo‘lgan ayanchli voqea O‘zbekistonda keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan bir paytda, men “Lyumos” xayriya tashkilotining “Vasiylikni o‘zgartirishga kirish” qisqa kursini o‘tayotgan edim. Garri Potter haqidagi mashhur asarlar muallifi Joan Rouling tomonidan asos solingan “Lumos"ning vazifasi “2050 yilga kelib barcha bolalar muhabbatga to‘la, mehribon va g‘amxo‘r oilalarida ishonchli himoya ostida o‘sib-ulg‘ayishini ta’minlashdan iboratdir”. Dunyoning 12 dan ziyod davlatlari, shu jumladan Moldova, Ukraina va Bolgariyada o‘zining ish tajribasiga ega bo‘lgan ushbu tashkilot, har qanday sharoitda ham muassasalar bolalar uchun zararli ekanligini uqtirib keladi.

So‘nggi sakson yil davomida o‘tkazilgan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, institutlashtirish bolalarning sog‘lig‘i va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu salbiy ta’sir bolalar muassasalari barcha talablarga javob bergan va yaxshi moliyalashtirilgan taqdirda ham, kuzatilishi mumkin.

Keling, bolalar uylaridan voz kechish sabablarini hamda muqobil oilaviy vasiylik shakllarini nima uchun rivojlantirishimiz lozim ekanligini ko‘rib chiqamiz?

Birinchi sabab: bog‘liqlikning mavjud emasligi

Bolalar uylarining bolalarga nima uchun zararli ekanligini tushunish uchun avvalo bog‘liqlik nima ekanligini yaxshilab tushunib olishimiz kerak. Amerikalik psixolog Vera Falberg o‘zining bog‘liqlik nazariyasida buni juda yaxshi tushuntirib bergan. Bola dunyoga kelganda, uning yig‘isi tashqi dunyo bilan aloqa qilishning yagona vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Har safar chaqaloq och qolganida, o‘rni ho‘l bo‘lganda, charchaganda, sovqotganda, qayeridir og‘riganida yoki shunchaki o‘zini yolg‘iz his etganida — u yig‘laydi. “Qo‘zg‘alish — relaksatsiya” davriyligi (ehtiyoj — norozilik bildirish — ehtiyojning qondirilishi — tinchlanish — yangi ehtiyoj) bola hayotining birinchi haftalarida va oylarida ming marotabalab takrorlanadi.

[bog‘liqni bilan aloqador diagramma]

Ota-onasining doimiy g‘amxo‘rligini his etgan go‘dak ishonchli himoya va g‘amxo‘rlik ostida ekanligini tushunadi. Shu tariqa, bog‘liqlik barcha oilalarda bot-bot takrorlanadi. Ammo biz kattalar bu jarayonning bolalar rivojlanishi uchun naqadar muhimligini kamdan-kam hollarda tushunamiz. To‘laqonli siklda o‘ziga baho berish, kognitiv rivojlanish va bolaning ta’lim olish qobiliyalatlari o‘rtasida kuchli o‘zaro bog‘liqlik mavjud bo‘ladi.

Endi Go‘daklar uyini tasavvur qiling, bu yerda odatda 5−20 bolaga har 8 soatda almashib turadigan bir tarbiyachi to‘g‘ri keladi. Bunday sharoitda har bir bolaning individual ehtiyojlarini muntazam ravishda qondirish mumkin emas. Natijada muassasada tasdiqlangan jadval asosida bolalar ovqatlantirilib, tagliklari almashtirilishi, cho‘miltiriladi. Bu esa bolalar bir necha soat davomida ho‘l o‘rinda yotish, ochlik yoki og‘riqlarni his etishi mumkinligini anglatadi. Shu tariqa chaqaloqlar hech kim uning so‘roviga javob qaytarmagani sababli yig‘lashni kattalar bilan muloqot qilish vositasi sifatida ishlatishni to‘xtatishadi. Uzoq vaqt noqulay holatda qolish natijasida bolalar tashqi dunyoni o‘rganishga diqqatini qarata olmay qolishadi.

Ikkinchi sabab: jismoniy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolish

1950-yillarda avstriya-amerikalik psixoanalitik Rene Shpits odatiy oilaviy hayotdan mahrum bo‘lgan bolalarning jismonan yaxshi rivojlanmasligini, tanasini qimirlatib qo‘yish, qo‘llarini sollash (tebratish) va boshqa odatga aylangan ma’nosiz harakatlarni namoyon etishini aniqladi. 1952 yilda Rene Arpad Shpits o‘zining Ikkinchi Jahon urushi bolalari uchun yetimxonalarda olib borgan izlanishlari asosida “Go‘daklardagi psixogen buzilishlar” filmini suratga oldi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, bolaning onasidan erta ajralishi uning barvaqt institutsionallashuvi u bolalar gospitalizmi deb nomlagan patologiya — bolalarda sensor va hissiy rag‘bat yetishmovchiligi sababli jismoniy va ruhiy qoloqlikni keltirib chiqarishini ko‘rsatdi.

Mehribonlik uylarida ulg‘ayish bolalarning aqliy rivojlanishiga juda ham zararli ekanligining yana bir ilmiy isboti 2000 yillarda Ruminiyada o‘tkazilgan Buxarest loyihasi doirasidagi — erta aralashuv tadqiqotining natijalarida namoyon bo‘ladi. O‘shanda ilk bor tasodifiy tanlov uslubida 6−31 oylik 136 nafar yetim bolaning yarmi bolalar uyidagi guruhda qoldirilib, yarmi tutingan oilalarga tarbiyalanish uchun joylashtirilgan edi. Tadqiqot davomida muntazam ravishda mehribonlik uylari va hech qachon bolalar uyida bo‘lmagan nazorat guruhidagi bolalarning rivojlanish darajalari taqqoslab borildi. Bolalar bosh miyasi elektron faolligini o‘lchash uchun ensefalogrammalar (EEG) olindi.Manba: “Lyumos” tashkilotining “Vasiylikni o‘zgartirishga qisqacha kirish” kursidan.

Yuqoridagi ikkita rasm Buxarestda o‘tkazilgan tadqiqotdan olingan bo‘lib, ularda ikki bolaning miya tekshiruvi natijalari aks etgan. O‘ng tomondagi rasmda oilada tarbiyalangan bola miyasining EEG tasviri aks etgan. Unda nevrologik faollik juda yuqori, ayniqsa miyaning old qismi yo‘nalishi bo‘yicha: qizil va to‘q sariq rangdagi sohalar bola miyasining juda faol ekanligidan dalolat beradi. Chapdagi rasm esa muassasada tarbiyalangan bolaning miyasi. Moviy va yashil ranglar bola miyasining juda sust rivojlanayotganligidan darak bermoqda. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, muassasada o‘tayotgan har 3 oyda bola 1 oyga rivojlanishdan orqada qoladi, bola u yerda qancha ko‘p vaqt qolsa, unga shunchalik katta zarar yetadi va rivojlanishdan orqada qolishni bartaraf etish imkoniyatlari shuncha kam bo‘ladi.

Uchinchi sabab: tajovuzlar xavfining yuqori ekani

Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mehribonlik uylarida tarbiyalangan barcha yoshdagi bolalar juda ko‘p tajavuzlarni boshdan kechirishadi. Jumladan, ular jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik, g‘amxo‘rlikning yo‘qligi, shuningdek, odam savdosi yoki ekspluatatsiyaning boshqa ko‘rinishlaridan aziyat chekish xavfi ostida bo‘lishadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, bolalar uylarining jismoniy nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilari nogironligi bo‘lmagan boshqa bolalarga qaraganda zo‘ravonlikdan 3,7 baravar ko‘proq azob chekishadi. Shu munosabat bilan, nogironligi bo‘lgan bolalarning bolalar muassasalariga joylashtirilishi ularning zo‘ravonliklarga uchrashi xavfini yanada oshiradi. Internat muassasalarida muloqotda nuqsoni bo‘lgan (eshitish va nutq hamda rivojlanishning o‘ziga xosliklari bo‘lgan) bolalar ularga qarshi qo‘llanilgan zo‘ravonliklar haqida xabardor qilishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin.

Marg‘ilon shahridagi 1-mehribonlik uyida bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar oshkor etilishi tarixi hali ham noma’lumligicha qolmoqda — zo‘ravonlik haqidagi mish-mishlar 2017 yilning dekabrida tarqalganiga qaramasdan, 2018 yilning may oyida jamoatchilik e’tiboriga tushdi. Bolalar muassasalarida jamiyat ko‘zidan panada sodir bo‘layotgan holatlar ustidan doimiy nazorat va kuzatuv olib borish deyarli imkonsiz. “Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari va Go‘daklar uylari bino hamda hududlarining videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi yuzaki choralar hisoblanadi. Muammoni faqatgina vasiylikning oilaviy shakllari hamda tutingan ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yo‘li bilan hal etish mumkin.

To‘rtinchi sabab: balog‘atga yetgandagi muammolar

Bolalar uylaridagi zararlardan tashqari, institutsionalizatsiya bitiruvchilarga balog‘atga yetganidan keyin ham muammolarni keltirib chiqarishda davom etadi. Rossiyada o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mehribonlik uylari bitiruvchilarining to‘satdan katta hayotga o‘tishi ularning ijtimoiy yakkalanib qolish, uysiz va ishsiz bo‘lib qolish, jinoyatchiga aylanish, ruhiy salomatligining buzilishini olib kelishi va ular hattoki o‘z joniga qasd qilishgacha olib borishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Rossiyada olib borilgan tadqiqot doirasida 15 000 nafarga yaqin yoshlarning taqdiri ular muassasani tark etganidan keyin o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, har besh kishidan biri jinoyat sodir etgan, yetti kishidan biri fohishalik bilan shug‘ullana boshlagan, o‘n kishidan bittasi esa o‘z joniga qasd qilgan. Bularning barchasi ijtimoiylashuv va jamiyatga moslashish ko‘nikmalarining yetishmasligidan kelib chiqqan.

Ko‘plab oilalarda bolalar odatda ovqat tayyorlash, kir yuvish, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni sotib olish va boshqa shu kabi mayda-chuyda ishlarni o‘zlari qilishlari va bu borada mustaqil qaror qabul qila oladigan, biroq bolalar uylarida bu kabi ishlarni boshqalar ular uchun qilib berganlari sababli ularda boqimandalik kayfiyati paydo bo‘ladi. Mustaqil hayot ko‘nikmalari mavjud bo‘lmagani natijasida ular jamiyatdagi mustaqil hayotga tayyor bo‘lmagan holda chiqariladi.

Beshinchi sabab: bolalar uylari juda qimmatga tushadi

Davlatimiz bitta bolani bolalar uyida boqish va tarbiyalash uchun qancha mablag‘ sarflaydi? Masalan, Rossiya Ta’lim vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar uyidagi har bir bola uchun yiliga 1 milliondan 1,328 million rublgacha (143−190 million so‘m) mablag‘ sarflanadi.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda hukumat bir bolani institutsional muassasada saqlash uchun oyiga 10 million so‘m mablag‘ sarflaydi, ish haqi jamg‘armasi, kommunal xizmatlar va bolalar uyining binolarini saqlash xarajatlari bundan mustasno. Ammo moliyaviy va ma’naviy zararni taqqoslash qiyin.

Bolalar uylari jamiyatga juda qimmatga tushadi, chunki biz yopiq muassasalarda bolalar uylari tarbiyalanuvchilarining ruhiyatini va rivojlanishini buzmoqdamiz.

Agarda biz yetimxonalardan asta-sekinlik bilan voz kechib, “ozod qilingan” insoniy va moliyaviy resurslarni professional vasiylik va homiylikni rivojlantirishga yo‘naltirsak, bolalarni oilalarga tarbiyalash uchun joylashtirish orqali byudjetdan soliq to‘lovchilarning pullari kamroq sarflangan bo‘lardik.

Yuqorida keltirilgan barcha ilmiy dalillar shuni ko‘rsatadiki, institutsional muassasalar bolalarga jiddiy va tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazadi. Biroq, shunga qaramay, ko‘plab odamlar hali-hamon institutsional vasiylikni hattoki ishonchga darz yetkazgan bo‘lsa ham ma’qul deb hisoblashmoqda. Tabiiy savollar tug‘iladi: “Nogironligi bo‘lgan bolalar masalasi nima bo‘ladi? O‘ta qashshoq sharoitda yashayotgan bolalarchi? Vijdonsiz ota-onalar bilan qanday munosabatda bo‘lish kerak — bolalarni ular qo‘lida qoldirish kerakmi?” Albatta, bu savollarning barchasi ezgu niyatlardan tug‘iladi, biroq, keling, avval keng tarqalgan afsonalarga to‘xtalsak.

Birinchi afsona: bolalar uylarida faqat yetim bolalar yashaydi

Ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, butun dunyo bo‘ylab institutsional muassasalardagi bolalarning 80 foizi, aslida, bir yoki har ikki ota-onasiga ega. Haqiqiy yetim hisoblangan bolalar, — to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlov sharoitida — oilasining boshqa a’zolari, tutingan va patronat oilalarda yashashlari mumkin.

Qaysi ota-ona o‘z farzandidan voz kechar edi? Bunday afsuslanarli qarorga kelishga hayotning og‘ir shartlari, oiladagi ayanchli ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, mehnat migratsiyasi sabab bo‘lishi mumkin. Aksariyat holatlarda ota-onalar o‘z farzandalari uchun munosib shart-sharoit yaratib bera olmasalar, bolalar uylarida ularga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilinadi, degan maqsadda o‘z farzandlarini istamagan holda internetlarga topshiradilar.

Ikkinchi afsona: bolalar uylari — bolalar uchun eng xavfsiz joy

Ko‘pchilik odamlar nomunosib oilalar va ularda shakllangan xafli muhitdan bolalarni himoya qilishda muassasalar ayrim bolalar uchun eng xavfsiz joy, deb hisoblaydi. Ba’zida shunday vaziyatlar tug‘iladiki, bolaning o‘z ota-onasi bilan yashashi xavfli bo‘lib qoladi. Biroq agarda biz bolalarni oilalaridan olib, ularni muassasalarga joylashtirsak, ularni keyinchalik boshqa zo‘ravonliklar xavfi ostida qoldirgan bo‘lamiz. Puxtalik bilan rejalashtirish orqali oilaviy muqobillarni ishlab chiqish mumkin.

Uchinchi afsona: bolalar uylari “murakkab” bolalar uchun kerak

Ko‘pchilik nogironligi va parvarishlashda alohida e’tiborga muhtoj bolalar, shuningdek, qiyin xulq-atvorli bolalar (boshqacha aytganda, “alohida ehtiyojga ega bolalar”) faqatgina institutsional muassasalardagina zarur yordamni olishlari mumkinligiga ishonadilar. Hattoki rivojlanishda o‘ziga xosligi bo‘lgan bolalar tug‘ilishi bilanoq tibbiyot xodimlari ota-onalarga yangi tug‘ilgan go‘dagini ixtisoslashtirilgan muassasalarga topshirishni tavsiya qiladilar. Bu holatga jamiyatda shakllangan stigma va kamsitishlar ham sabab bo‘ladi.

“Ha” va “yo‘q” tomonlarni taroziga tortar ekan, ota-onalar rivojlanishda o‘ziga xosligi bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy va tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish cheklangan, inklyuziv (uyg‘unlashgan) ta’lim rivojlanmagan hozirgi sharoitda farzandini muassasaga berish eng to‘g‘ri qaror, deb o‘ylaydilar. Nogironligi bo‘lgan bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi adolatsizliklar, jumladan, bolani munosib ravishda parvarishlash va uning rivojlanishiga yetmaydigan bolalikdan nogironlik bo‘yicha arzimagan miqdorda ajratilayotgan nafaqalar ham ushbu qarorning tug‘ilishiga turtki bo‘ladi.

Natijada, Xalq ta’limi vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 20 mingdan ortiq bola yoki O‘zbekistonda institutsional muassasalardagi barcha bolalarning qariyb 70 foizini nogironligi bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda.

Biroq to‘g‘ri yondashuv, inklyuziv ta’lim, intitutsional tizimlardan qayta yo‘naltirilgan resurslardan foydalangan holda mahallalar darajasida ham bunday bolalar bilan ijtimoiy ishlashni va ular uchun zarur bo‘lga barcha xizmatlarni ko‘rsatish mumkin, shu yo‘l bilan bolalar ota-onalaridan ham ajratib olinmaydi.

Sobiq ittifoq davrida bolalar uyida bolalar serebral falajiga chalingan bola bo‘lish qanday ekanini tushunish uchun Ruben Galegoning “Qoradagi oq” avtobiografik romani hamda bolalar uyi bitiruvchisi Aleksandr Gezalovning yaqinda o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Sho‘rpeshona bolalik” asarini o‘qishni tavsiya qilaman. Gezalov detdom (bolalar uyi) atamasi o‘rniga “detlom” — bolalikni sindirib, amputatsiya qiladigan uy atamasini qo‘llashni, butun boshli bolalarni institutsionallashtirish sanoatini esa “sirotprom” — “yetimlik sanoati” deb atashni taklif qiladi.

To‘rtinchi afsona: bolalar mehribonlik uylarida davlatning ishonchli himoyasi ostida

Bugun 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. O‘tgan yilda bo‘lgani kabi, bolalar uylari va ixtisoslashtirilgan muassasalardagi bollar davlatning ishonchli himoyasi va g‘amxo‘rligi ostida ekani haqida balandparvoz gap-so‘zlar aytiladi. Hattoki mehribonlik uylarida oilalardagidan ko‘ra yaxshiroq sharoitlar yaratilganini ham tasdiqlashlari mumkin.

Bularning ildizi sovetlar davriga borib taqaladi. O‘sha davrlarda bolalarning institutsionallashuvi ikki asosiy omilga bog‘langan edi. Ular: sovet davlatini barcha fuqarolarining asosiy ehtiyojlarini ta’minlaydigan insonparvar kuch sifatidagi ijtimoiy tasavvurlarni yaxshilash hamda Sovet Ittifoqining ijtimoiy muammolardan holi “sog‘lom millat” sifatidagi qiyofasini shakllantirishga bo‘lgan ongli zaruriyatlar sabab bo‘lgan.

Beshinchi afsona: bolalar uylari turizmi — ezgu ish

Agarda bolalar uylari bolalarga zarar yetkazsa, u holda ular kim uchun foydali? Amaldorlar va yirik tijorat tuzilmalariga har yangi yil yetim bolalar uchun Yangi yil bayramini tashkil etish, sovg‘alar berish va nogironligi bo‘lgan bolalar bilan suratga tushish, keyin yangiliklarni ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy reklama sifatida e’lon qilish mushkul ish emas. Mehribonlik uyi bir martalik xayriya aksiyasi uchun ajoyib maydondir — ham bolalar mamnun, ham ularning obro‘si yanada yaxshilandi.

Niyatlar qanchalik ezgu bo‘lmasin, achinarli haqiqat shundaki, mehribonlik uylariga tashriflar va volontyorlik bolalarni o‘z oilaridan ajratib, ularni suiste’molchiliklar va shafqatsiz munosabatlar xavfi ostida qoldiradigan “Yetimlik sanoati"ning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. O‘tgan yili “Lyumos” uch yillik #HelpingNotHelping (#YordamYordamBermaydi) global aksiyasini boshladi, Joan Rouling esa barcha befarq bo‘lmaganlarni bolalar uylari turizmiga (orphanage tourism) barham berishga chaqirdi.

“Bugun men yoshlarga yuzlanib murojaat qilmoqdaman: Ha, ko‘ngilli bo‘ling, ammo puxta o‘ylab ish qiling. Sizning vaqtingiz va kuchingiz juda qimmatbaho: ulardan oqilona foydalaning hamda ular sizga dunyoni o‘zgartirishga yordam beradi. Bolalar uylarida ko‘ngilli bo‘lib ishlamang. Buning o‘rniga, bolalarni mehribonlik uylariga itqitayotgansabablarga nazar tashlang va o‘z vaqtingizni qashshoqlikka qarshi kurashayotgan yoki hayotan muhim xizmatlar bilan jamiyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarga sarflang”, — deb maslahat berdi Joan Rouling.

Bolalar uylarini yopish zarurligi haqidagi gap ketganida, ularni bir soatda yopib tashlash nazarda tutilmaydi. Birinchi navbatda oilalarning ajralib ketishiga barham beradigan ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish hamda o‘z oilalari bilan yashay olmaydigan bolalarga munosib muqobil takliflarni taqdim etish zarur. Ikkinchidan, insoniy va moliyaviy resurslarni qayta yo‘naltirgan holda bolalarni bosqichma-bosqich muassasalardan ularning ehtiyojlariga ko‘proq mos keladigan vasiylikning oilaviy shakllariga o‘tkazish zarur.

Eng asosiysi — yetimlik oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning oldini olish, himoyaga muhtoj oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash hamda inklyuziv (uyg‘unlashgan) rivojlanishga ko‘maq qilish ham zarur. Tanlov ixtiyori o‘zimizda — yaxshi futbol o‘ynaydigan yetim bolalar borligidan faxrlanib yurish yoki Xalqlar do‘stligi maydoniga nazar tashlab, temirchi oilasidan ibrat-namuna olish.

Maqolada bildirilgan fikrlar tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti.