Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Toshkentda Yaponiya raqamli universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unga ko‘ra, Yaponiya raqamli universiteti (Japan Digital University — JDU) bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlashi ko‘zda tutilgan.

Mazkur universitetning ta’sischilari etib O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Yaponiyaning Digital Knowledge kompaniyasi qayd etilgan. Shu bois, universitet O‘zDJTU tomonidan ishlab chiqilgan hamda tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha yapon va ingliz tillarida kunduzgi va masofaviy ta’lim shakllarida amalga oshirilishi belgilangan.

Universitetda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida “Muhandis-dasturchi” va “Biznes boshqaruvi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilishi kutilmoqda.

Yangi tashkil etilayotgan universitet bitiruvchilariga O‘zDJTU tomonidan “Kompyuter lingvistikasi” yo‘nalishida davlat namunasidagi diplom, shuningdek, Yaponiyaning Otemaye universiteti, Tokio onlayn universiteti va boshqa universitetlardan birining tegishli yo‘nalish bo‘yicha belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

“Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Yaponiya qonunchiligiga rioya qilgan holda xorijiy mamlakatlarda ish o‘rinlari taklif etadi”, — deyiladi qaror loyihasida.

“Yaponiya raqamli universiteti” O‘zDJTU binosida joylashishi rejalashtirilgan.

Hujjat loyihasi muhokamasi 16 iyungacha davom etadi.