1 iyun kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi Chashma bulog‘i yaqinida sodir bo‘lgan kelishmovchilikni bartaraf etish uchun Farg‘ona viloyatining So‘x tumaniga borgan edi.

Mahalliy aholi nimadan norozi?

Human.uz nashri tomonidan e’lon qilingan videoda, mahalliy aholi vakili muammolar haqida gapirib, “birinchi navbatda” bunga viloyat hokimi aybdorligini aytib o‘tgan. Aholi bu so‘zlarni qarsaklar bilan qarshi oladi. Muammolar orasida viloyat xalqining qolgan qismi bilan muloqot yo‘qligi, suv, un va boshqa mahsulotlarning yetishmovchiligi ko‘rsatilgan.

Boshqa bir fuqaro bosh vazirga murojaat qilib (“Vodiy bozor e’lonlari” Telegram kanalidan), “Xalq G‘aniyev kerak emas, deyapti. Nima uchun bilasizmi? Xalq G‘aniyevni hurmat qilardi. G‘aniyev kelib „kerak bo‘lsa So‘xni xaritadan o‘chirib tashlayman“, debdi… Mana xalq, yoki noto‘g‘rimi”, — deydi.

Xuddi shu kanalda Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ekani aytilayotgan shaxsning So‘x tumanidagi qishloqlardan birini tuman xaritasidan o‘chirib tashlash, ta’minotdan uzish haqida aytganlar gaplari aks etgan audioyozuv tarqaldi. “Gazeta.uz” audioyozuvning matn shaklini keltiradi.

— (ehtimoliy Shuhrat G‘aniyev) Yana bir marta so‘rayapman, 74 tasini olib ketaymi Farg‘onaga, deyapman?

— Yo‘q.

— Mana kelishdik, yana bir og‘iz gap chiqsa, endi man kelib o‘tirmayman. Bilib qo‘yinglar. “So‘xliklar noshukur odamlar” deb turib maqola tayyor turibdi gazetada, bugun Farg‘ona televideniyesida ketsinmi?

— Yo‘q.

Noshukurchilik qilmasin. Qani Lenburgdan kim kelgan? Ikkinchi masala, o‘sha Lenburg qishlog‘i shunday qilaversa boshqa gap ketadi. Juda yaxshi bilasizlar. Qaysi qishloq bizda janjalkash bo‘lsa, biz uni So‘x tumani kartasidan nima qilamiz Farhod aka? So‘x tumani xaritasidan o‘chirib qo‘yamiz. Hamma ta’minot to‘xtaydi. Tushunarlimi yoki tushunarlimasmi?

— Tushunarli.

Sizlar, nima bizga katta tashvish olib bergani o‘tiribsizlarmi? Kimga kerak bu tashvish?

— Hech kimga.

— 74 ta yigitni hozir qamasinmi?

— Yo‘q.

— Tayyormi ro‘yxat? Ichki ishlar boshlig‘i, prokurorimiz? 74 tasiniki? Bo‘ldi 74 tasini bo‘lmasam jo‘natvoramiz, harbiylar kelasizlar, qurolli yigitlardan. Farg‘onaga olib borib qamaysizlar 74 tasini…

— Buyoqqa keling. Hozir janjal bo‘ladi, So‘x daryosida o‘yin ketadi. Farg‘ona viloyatini Farg‘ona tumani, Rishton, Oltiariq, Bog‘dod, Toshloq, Qo‘shtepa, Yozyovon [tumanlariga] suv bormaydi. Keyin nima bo‘ladi? U yoqqa suv bormaydi. Keyin Farg‘onadagi boshqa katta-katta rayon shaharlarda So‘x to‘g‘risida nima deydi? Karim aka Farg‘onaga borsa, Farg‘onada, Vodilda Karim akani ushlab nima qiladi?

— Toshbo‘ron qiladi.

— Ha, ana. To‘g‘rimi?

— Ha.

— Shu kerakmi? Yuragida o‘ti bor So‘xliklar nimadir aytadimi?

— Yo‘q.

— 2013 yil 6, 7, 8 yanvardagi voqealarni bir eslataymi. A Karim aka? Butun O‘zbekistonga Farg‘onaliklarni sharmanda qilgan So‘xliklar bo‘lgan. Hushyor voqealarini eslataymi? Yana shu narsa kerak bo‘lib turibdimi? Kimga kerak bo‘lib turibdi, hokimni birinchi o‘rinbosari? A? Kimga kerak bo‘lib turibdi, xalq qabulxona rahbari? Kim xohlayapti shuni yana? Bormi xohlayotganlar?

— Yo‘q.

“Reytingi baland hokimlarni ham yoqtirmaydiganlar bor”

Ushbu masala yuzasidan “Gazeta.uz” Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Muhammadjon Obidov bilan bog‘landi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda hokimlarga reyting berishadi, so‘rov o‘tkazdik, 1000 kishidan so‘radik, 500 kishidan so‘radik deydi. Reytingi baland hokimlaringizni ham yomon ko‘radiganlar, yoqtirmaydiganlar bor. Chunki bu hayot”, — dedi hokimiyat vakili.


U So‘xda bo‘lib o‘tgan voqealarga “so‘xliklar” degan so‘zni ishlatishga qarshiligini, hokimiyat bu fikrlar butun So‘x ahlining fikri deb qabul qilmasligini aytdi. “So‘xliklar emas, So‘xda 70 ming aholi bor. Bitta, ikkita odamning baqir-chaqir qilgani, bu butun So‘x xalqini fikri degani emas. Olomonda bir-ikkitasi qiyqirib, baqiriq-chaqiriq qildida, nima qipti?”, — dedi u.

Muhammadjon Obidov hattoki prezidentni ham “100 foiz hamma yaxshi ko‘radi” deb aytib bo‘lmasligini aytdi. Lekin bu butun xalq degani emasligini, buni har bir kishining shaxsiy va individual fikri ekanligini aytdi.

Hokimlik matbuot xizmati rahbari hozir AQSHda bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar bo‘yicha misol keltirib, ko‘chalarda bir necha ming odamlar do‘konlar va mashinalarni yoqishayotganini, oynalarni sindirishayotganini eslatib o‘tdi. “Bu degani buni 300 mlnga yaqin Amerika xalqi qilyapti, degani emasku”, — deydi u.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan audiyozuv haqida Muhammadjon Obidov shunday dedi: Men audioyozuv bo‘lgan paytda bo‘lgan emasman. Man aniq aytolmayman, balkim hokimning ovozidir, balkim hokimning ovozimasdir”.

So‘xliklar kimni o‘z hokimi sifatida ko‘rishmoqchi?

Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvda mahalliy aholi vakili sobiq So‘x hokimi Hakimjon Sayfutdinovni qaytarishni so‘ragan edi. Farg‘ona viloyati hokimligining matbuot xizmati rahbarining ma’lum qilishicha, So‘x tumanining hokimi Farrux Usarov bir necha kun oldin o‘z lavozimidan ozod qilingan.

“So‘x tumani hokimining birinchi o‘rinbosari vaqtincha hokim vazifasini bajarib turibdi. Bular bizga, So‘xga, Sayfutdinovni olib kelib bering, hokim qilib, deb so‘rashyapti. Avvallari So‘x hokimi bo‘lgan Hakimjon Sayfutdinov ilgari Milliy xavfsizlik xizmatida katta lavozimda ishlagan. U yerdan So‘xga hokim bo‘lib o‘tgan. Ma’lum muddat ishlagandan keyin, adashmasam hozir Ekologiya qo‘mitasining viloyat tizimida ishlaydi”, — dedi M.Obidov.

Uning aytishicha, H.Sayfutdinov So‘xga hokim bo‘lgan vaqtda tumanda o‘zgarishlar bo‘lgan. “Ba'zi bir qurilishlar qilingan, yo‘llar ochilgan, ancha ishlar qilgan u odam. U tojik tilida yaxshi gapiradigan odam bo‘lgan. So‘xda aholining aksariyati tojik millatiga mansub, tojik tilini biladigan hokim kerak u yerga”, — deydi Muhammadjon Obidov.