Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida Korean and migrations xususiy bandlik agentligi mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari ustidan ochiq sud jarayoni boshlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov «Gazeta.uz»ga.

Sud jarayonida Qahramon Otaqulov (1979 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi direktori), Odil Kabilov (1963 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi Namangan viloyat filiali direktori), Xushvaqt Turdiyev (1973 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi ta’sischisi), Musurmon Aliqulov (1970 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi o‘quv ishlari bo‘limi direktori), Anvarjon Shamshiddinov (1983 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi Namangan viloyat filiali ish yurituvchisi), Orifjon Jo‘rayev (1983 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi Namangan viloyat filiali g‘aznachisi), Mavluda Otajonova (1969 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi hisobchisi), Ra’no Nuraliyeva (1976 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi kadrlar bo‘limi inspektori), Kang Nam Kyu (1968 yilda Koreya Respublikasida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi hamkori) va Jolol Xidirov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan, vositachi)ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi sudya T. Qosimov raisligida ko‘rilmoqda.

Ish hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Q. Otaqulov va boshqalar O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ishga joylashtirishga yolg‘on va’dalar berib, Korean and migrations xususiy bandlik agentligi MCHJga kelib murojaat qilgan fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini qo‘lga kiritishib, ushbu pullarni shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.

Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha 2 372 jabrlanuvchi va 4 fuqaroviy da’vogar mavjud.

Ayblov xulosasi bo‘yicha, moddiy zarar miqdori 24,2 mlrd so‘m bo‘lib, shundan dastlabki tergov mobaynida 13,3 mlrd so‘m miqdorini bartaraf etish chorasi ko‘rilgan.

Sud jarayoni davom etmoqda. Keyingi sud majlisi 8 iyun kuniga tayinlangan.