Buxoro viloyatida koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat komissiyasi rasmiy axborotini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldinini olish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida 2 iyun kunidan boshlab noma’lum muddatgacha:

  • Shofirkon hamda G‘ijduvon tumanlari ichida shaxsiy avtotransport vositalari (yuk tashuvchi, qishloq xo‘jaligida jalb qilingan hamda maxsus ruxsatnomali (stikerli) avtotransport vositalari bundan mustasno) harakatlanishi to‘xtatiladi;
  • Buxoro shahri hududiga boshqa shahar va tumanlardan shaxsiy avtotransport vositalari (yuk tashuvchi, qishloq xo‘jaligida jalb qilingan hamda maxsus ruxsatnomali (stikerli) avtotransport vositalari bundan mustasno) faqatgina kunning muayyan vaqtida (07:00dan 10:00gacha, 17:00—20:00gacha) kirib-chiqishiga ruxsat beriladi;
  • viloyat hududida soat 22:00dan 06:00gacha shaxsiy avtotransport vositalarining zaruratsiz (ish yuzasidan, oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalariga bo‘lgan ehtiyoj va shunga o‘xshash zarur hollar bundan mustasno) harakatlanishi cheklanadi.

Shu bilan birga, Navoiy viloyatining chegaradosh hududlari orqali fuqarolar va transport vositalarining kirib-chiqishini qat’iy karantin talablari asosida amalga oshirilishi ma’lum bo‘ldi.

“Olot tumanidagi „Olot“ bojxona chegara posti, G‘ijduvon tumanidagi „Sarmijon“ muntazam yo‘l patrul xizmati maskani, Romitan tumanidagi „Qizilqum“ blok posti hamda Qorovulbozor tumanidagi „Shirinbuloq“ muntazam yo‘l patrul xizmati maskanlari orqali viloyat hududiga kirib kelayotgan xalqaro yuk tashuvchi mahalliy haydovchiларни (Buxoro viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan) mazkur postlarning o‘zida belgilangan tartibda karantinga olinadi”, — deyiladi komissiyaning axborotda.

Shuningdek, Buxoro viloyatida belgilangan tartibda yo‘nalishsiz taksi faoliyatida yo‘lovchi tashish uchun ruxsat beriladi. Buning uchun, avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi hamda faqat o‘z (avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) hududida harakatlanishi Respublika maxsus komissiyasining bayoni bilan belgilan.

Qayd etilishicha, sartaroshxona va go‘zallik salonlarida xizmat ko‘rsatuvchi shaxslar tomonidan shaxsiy himoya vositalari — tibbiy xalat yoki kombinezon, tibbiy niqob (N 95 yoki ustma-ust 2 ta oddiy niqob) va tibbiy qo‘lqopdan foydalangan holda “1 ta xizmat ko‘rsatuvchi shaxs — 1 ta mijoz” tamoyili asosida ijtimoiy masofani saqlagan holda faoliyat yuritishiga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, Respublika maxsus komissiyasining bayoniga asosan viloyatning park va istirohat bog‘larida (attraksionlar, ko‘ngilochar ob’ektlar hamda tezkor ovqat tayyorlash nuqtalari faoliyati bundan mustasno) aholini belgilangan karantin talablariga qat’iy rioya qilgan holda soat 09−00dan 20−00ga qadar kunning muayyan vaqtida 2 nafar shaxsdan ko‘p bo‘lmagan guruhlarda (oilaviy guruhlar bundan mustasno) sayr qilishlariga ruxsat berildi.