Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Gurlan tuman bo‘limi tomonidan “Agrobank” ATB Gurlan tuman filialining sobiq rahbariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga.

Tergovga qadar tekshiruv filial rahbarining murojaatiga asosan o‘tkazildi. Qayd etilishicha, bank filialining sobiq rahbari O.Sh. o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilgan holda, tanishi S.K.ning nomiga “G.TAMORQA” MCHJni tashkil etgan.

“Amalda ushbu jamiyatni o‘zi boshqarib, davlat dasturi asosida berilgan mablag‘lar hisobidan korxonaga 400 mln so‘m imtiyozli kredit ajratib, kredit mablag‘larini boshqa maqsadlarda sarflab, garovga qo‘yilgan mulkni esa soxta hujjatlar bilan garovdan chiqarib, juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur holat yuzasidan O.Sh. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qism “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-modda 2-qism “a” bandi (mansab soxtakorligi takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa) va 233-modda 1-qism (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Bosh prokuratura Denovda “Har bir oila — tadbirkor” dasturi bo‘yicha ajratilgan 319 mln so‘m miqdoridagi imtiyozli kreditlar talon-toroj qilingani haqida xabar bergan edi.

Mart oyi avvalida esa Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov qayerda imtiyozli kreditlar bo‘lsa, o‘sha joyda muayyan darajada korrupsiya bo‘lishini ta’kidlagan edi.