Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 2019 yil uchun mol-mulk, daromadlar, xarajatlar va moliyaviy majburiyatlar to‘g‘risidagi deklaratsiyasini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, 2019 yilda davlat rahbari va uning oilasining daromadlari qariyb 29 mln griven (1,06 mln AQSH dollari) tashkil etdi va bundan Zelenskiy oilasi byudjetga 3,6 mln griven (taxminan 140 ming AQSH dollari) miqdorida soliq to‘lagan.

«2019 yil may oyidan beri Zelenskiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanmaydi va maoshini faqat Davlat ishlari ma’muriyatidan oladi. Davlat rahbari 2019 yil may oyidan dekabrgacha olgan ish haqqi miqdori 208,7 ming griven (7,8 ming AQSH dollar) ni tashkil qildi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hisobot davrida Zelenskiyning turmush o‘rtog‘ining ish haqqi o‘sib, davlat rahbarining tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari kamaygan. Vladimir Zelenskiy Rossiyadagi barcha aktivlarini sotib yuborgan. Xususan, 2019 yilning bahor faslida Green Family LTD korxonasining aksiyalarini va mamlakatda ro‘yxatdan o‘tkazilgan 4 ta savdo belgisidan voz kechgan.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Zelenskiy haligacha ko‘plab savdo belgilarning egasi bo‘lishda davom etmoqdaligi ma’lum bo‘ldi. Shu jumladan, 2019 yilda uning nomiga ikkita «Sluga naroda» («Xalq xizmatchisi») savdo belgisi ro‘yxatdan o‘tkazilgan va uning nomidagi barcha savdo belgilarining («Vecherniy kvartal», «Rassmeshi komika», va «Sluga Naroda») narxi jami 1,7 mln AQSH dollariga yaqin baholanishi ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, uchinchi shaxslar ushbu savdo belgilaridan foydalanilgani uchun Zelenskiy qariyb 187 ming AQSH dollari daromad ko‘rgan.

Shuningdek, muayyan davrda Zelenskiy Buyuk Britaniya va Ukrainadagi bir qator ko‘chmas mulkini sotgani va ijaraga ko‘ygani uchun jami 283,7 mingdan ortiq daromad topgan.

Ukraina prezidentining xarajatlari esa asosan saylov kampaniyasiga yo‘naltirilgani ma’lum bo‘ldi. Buning uchun, Zelenskiy 11,5 mln griven (428 ming AQSH dollari) sarflagan va PricewaterhouseCoopers konsalting xizmatlarini to‘lash uchun 21 ming AQSH dollar xarajat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Vladimir Zelenskiy Ukraina prezidenti lavozimiga kirishganiga bir yil o‘tgani va qilingan ishlari va natijalari bo‘yicha jurnalistlar uchun katta anjuman o‘tkazgan edi.