Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati 30 may kuni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlari va fuqarolar o‘rtasidagi kelishmovchilik aks etgan videotasvir yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Koson tumanida joriy yilning 30 may kuni soat tahminan 21.40 larda aholining karantin tadbiri qoidalariga amal qilishini nazorat qilish maqsadida tungi reyd o‘tkazilgan. Reyd davomida tumanning Nihol MFYda joylashgan «Nihol Saidbaraka» savdo do‘koni yonida Qashqadaryo viloyati IIB tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi xodimi, «qonunda belgilangan vazifasidan chetga chiqib, shu MFYda yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan X.M.ga nisbatan noqonuniy ravishda kuch ishlatib, uning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazgan», deya IIV vaziyatga baho bergan.

«Hozirda IIV o‘z xavfsizligi xizmati Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi tomonidan holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lib, tadbir ishtirokchilarining har birini hatti-harakatlariga qonuniy baho beriladi», — deyiladi xabarda.

Oldinroq, ushbu holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar organi xodimi Milliy gvardiya xizmatchisi ekanligi iddao qilingan edi. «Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida videotasvirlarda „qonun himoyasida turib, o‘zi esa qonunni buzayotgan“ deb iddao etilayotgan xodim Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi emasligi aniqlandi», — deyiladi Milliy Gvardiya bayonotida.