Har yili 1 noyabrdan 30 noyabrgacha keksalar uchun turizm oyligi o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 28 maydagi keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi, deya xabar berdi Norma.uz.

Oylik doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm ob’ektlari tomonidan ixtiyoriy taqdim qilinadigan chegirmalar va aksiyalar to‘g‘risida o‘z rasmiy veb-sahifasida e’lon qilib boradi, Transport vazirligi, “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda esa sayohat qiluvchilar uchun chiptalarga ixtiyoriy chegirmalarni e’lon qiladi. Bundan tashqari, Madaniyat vazirligi madaniy meros ob’ektlariga kirish chiptalariga chegirmalar e’lon qilishni rejalashtirmoqda.

“Sayohat barcha uchun!” — ana shu shior ostidagi xayriya loyihasi butun mamlakat bo‘ylab amalga oshiriladi. I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar yiliga bir marotaba bepul turistik sayohat qilish imkonidan foydalana oladilar. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi sayohat qiluvchilar ro‘yxatini 1 oktyabrga qadar shakllantiradi.

Sayohat davomida sayohatchilarni joylashtirish, ovqatlanish va transport xizmatlari uchun mablag‘larning 50 foizi xayriya loyihasining maxsus hisobvarag‘idan, qolgan 50 foizi “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga nogironlar va yolg‘iz pensionerlarga birinchi navbatda moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish, shu jumladan pensiyalarni to‘lash, ijtimoiy va tibbiy ta’minot xizmatlarini ko‘rsatish vazifasi topshirildi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj va yolg‘iz keksalarning turar joylarini ta’mirlash uchun mahalliy byudjetlardan mablag‘lar ajratilishi nazarda tutilgan.