Bu yil bahorning oxiri O‘zbekistonda juda issiq keldi. Mayning oxirgi haftasida havo harorati 26−38 darajagacha, janubda 40 darajagacha ko‘tarildi, deb yozmoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

Eng yuqori haroratlar Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida kuzatildi, bu hududlarda havo 40−42 daraja, cho‘l zonasida ayrim joylarda 43−44 darajagacha qizidi. Bu may uchun xos bo‘lgan ko‘rsatkichlardan 5−7 darajaga, shimolda 8−10 darajaga yuqoridir.

O‘zbekistonning shimolida yangi harorat rekordlari o‘rnatildi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ko‘pchilik meteorologik stansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, bu yilgi may oyining oxirida qayd etilgan bunday yuqori oylik harorat avval kuzatilmagan. Respublikaning ko‘pgina mintaqalarida ayrim kunlarda kunlik harorat maksimumlari qayd etildi.

«Yoz fasli uchun aniq ob-havo prognozlarini sizga hech kim bermaydi va bu sinoptiklarning „yomon“ ishlashi bilan bog‘liq emas. Shunchaki, butun iqlimiy tizim xaotik bo‘lib, uzoq muddatga aniq prognozlar berishning imkoni yo‘q. Bugungi kunda tayyorlanayotgan mavsumiy prognozlar taxminiy tavsifga ega va umuman olganda, mavsumga baho berish uchun foydalaniladi va „bu davrda o‘rtacha harorat me’yordan yuqori yoki past bo‘ladi, yoqqan yog‘inlar miqdori ham me’yordan ko‘proq yoki kamroq bo‘ladi“, degan ko‘rinishda bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Bu yil mavsumiy prognozlar ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan Jahon ob-havo markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, kirib kelgan yozda sayyoramizning katta qismida haroratning musbat anomaliyasi (ya’ni, me’yordan yuqori harorat) bilan bog‘liq sirkulyatsiya rejimlarining ustun kelishi kutilmoqda.

O‘zgidromet Shimoliy Yevroosiyo iqlimiy markaziga a’zolik doirasida mavsumiy prognozlar tayyorlashda ishtirok etadi. Har yili qish va yoz mavsumlari boshlanishidan oldin ushbu markazda mintaqadagi barcha gimdrometxizmatlar mutaxassislarining forumlari o‘tkaziladi. Ushbu forumlarda butun Shimoliy Yevroosiyo hududi bo‘yicha kirib kelayotgan qishki yoki yozgi mavsumlar uchun prognozlar ishlab chiqiladi.

Bunday prognozlar eng zamonaviy iqlimiy ma’lumotlar va prognostik mahsulotlar tahliliga asoslanib, unda barcha ishtirokchi davlatlar vakillarining fikrlari e’tiborga olinadi. Shu bois prognoz konsensus (maslahatlashish jarayonida kelishilgan) prognoz deb yuritiladi.

Bu yil yuzaga kelgan epidemiologik vaziyat tufayli Shimoliy Yevroosiyo iqlimiy markazining forumi 19−20 may kunlari onlayn rejimda o‘tkazildi.

Konsensus prognozga ko‘ra, 2020 yil yozda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikistonda, Qozog‘istonning janubiy, g‘arbiy, sharqiy mintaqalarida 40% ehtimol bilan harorat fonining me’yordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

«Agar umumiy tendensiyalar to‘g‘risida gapiradigan bo‘lsak, yozning issiq bo‘lishi to‘g‘risidagi prognoz hozirda biz kuzatayotgan vaziyatni tasdiqlamoqda. Oxirgi yillarda global isish tendensiyasining davom etishi munosabati bilan issiqlik to‘lqinlarining soni va jadalligi ortib bormoqda. O‘tgan 2019 yil tarixda eng issiq yillar ichida 2016 yildan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi», — deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Yaqinda o‘tgan barcha yillar ham butun asbob-uskunalar bilan kuzatuv davri uchun eng issiq top-5 yoki top-10 ga kirgan.

Ta’kidlanishicha, bu yilgi yoz ushbu qatorga kirmaydi, deb taxmin qilishga hech qanday asos yo‘q. «Shuning uchun bu yilgi yoz issiq bo‘lishi ehtimolga yaqin, biroq iqlimiy tizim xususiyatlarini e’tiborga oladigan bo‘lsak, bu 100 foizli prognoz emas», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

Bundan tashqari, o‘rtachalashtirilgan umumiy tavsif mavsum davomida qanday muayyan harorat qiymatlari kuzatilishi to‘g‘risida tasavvur bermaydi. Yozning uch oyi davomida issiq haroratning sustlashishi yoki bir oy juda issiq bo‘lib, qolgan ikki oy davomida harorat me’yorga yaqin bo‘lishi mumkin. Shunday qilib, ish haftasi davomida harorat ko‘tarilib, 38−40 darajaga, mamlakat janubi va cho‘l zonasida ayrim joylarda 43 darajagacha yetadi. Dam olish kunlari harorat biroz pasayadi.