30 may kuni taxminan 19:50 da Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida sodir bo‘lgan YTHda 13 yoshli o‘g‘il bola — G‘. T. hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmati xabar qildi.

«IJ-Kombi» haydovchisi (2001 yilda tug‘ilgan) Yakkabog‘dagi 4K-319 avtoyo‘lidan harakatlanib ketar ekan, yo‘ldan yugurib o‘tayotgan piyodani (2007 y. t.) urib yuborgan. Mashina esa yo‘l yoqasidagi anhorga tushib ketgan.

Natijada bola og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan. Mazkur YTH yuzasidan Yakkabog‘ tuman IIB TB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmokda.

Bola o‘limi bilan tugagan ikkinchi YTH esa xuddi shu kuni taxminan 19:30 atrofida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida sodir bo‘ldi, deya xabar qildi YHXBB.

«GAZ-69» haydovchisi T. N. (1959 y. t.) mashinasida qo‘shnisinikiga stol-stullar olib kelgan va transport vositasini qarovsiz qoldirgan. U bilan birga kelgan yosh yo‘lovchi (2005 y. t.) mashinani o‘t oldirgan. Mashina esa uy oldida o‘ynab yurgan 6 yoshli B. X.ni bosib ketgan. Natijada bola og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Sh. Rashidov tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat Kodeksining 266-modda 2-qismi (Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga olib kelsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.