Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu haqda bosh vazir o‘zining Facebook sahifasida ma’lum qildi.

Hukumat rahbari ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan videomurojaatida kasallik alomatlari bo‘lmaganiga qaramay, u koronavirus testini o‘tkazishga qaror qilganini aytdi. «Mening tahlil natijalarim ijobiy ekanligi aniqlandi», dedi u.

Ta’kidlanishicha, uning oila a’zolari ham koronavirus bilan zararlangan. Pashinyanning fikriga ko‘ra, u muzokaralar paytida virus bilan zararlangani gumon qilinmoqda.

«Stakanni stolga qo‘ygan ofitsiant buni qo‘lqopsiz qilgandi. Men undan stakanni almashtirishni so‘radim, ammo, menimcha, ofitsiant buni oldin ham shunday qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu ofitsiantda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan», deya ma’lum qildi hukumat rahbari.

Nikol Pashinyan uning harorati yuqori emasligini va o‘zini yaxshi his qilayotganligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda, u davolanish paytida o‘z uyidan turib ishlashni davom ettiradi.

Ma’lumot uchun, Armanistonda hozirda 9 282 ta COVID-19 holati qayd etilib, 3 386 nafar kishi sog‘aygan, 131 nafari esa hayotdan ko‘z yumgan.