O‘zbekiston prezidentining qarori bilan tez yordam avtomobillari import bojxona bojidan ozod qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga muvofiq, nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun respublika hududiga olib kiriladigan yangi tez tibbiy yordam avtomobillari 2022 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga import bojxona bojidan ozod qilindi.

Ta’kidlanishicha, ushbu imtiyoz nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan mazkur qaror e’lon qilingunga qadar olib kirilgan «bojxona ombori» rejimida 6 oydan ko‘p turgan yangi tez tibbiy yordam avtomobillarining bojxona rasmiylashtiruvida ham qo‘llaniladi.

Avtomobillardan maqsadsiz foydalanilgan taqdirda, imtiyoz berilishi munosabati bilan to‘lanmagan import bojxona boji summasi moliyaviy sanksiyalarni qo‘llagan holda Davlat byudjetiga undirib olinadi.