O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining sobiq raisi hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri bo‘lib ishlagan Xurshid Mirzohidov mamlakatning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchi etib tayinladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi. U Bishkek shahriga yetib bordi.

Tayinlovga qadar Xurshid Mirzohidov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi sobiq elchisi Komil Rashidov 2019 yil 27 avgustda O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi etib tayinlangandi.

Xurshid Mirzohidov (1971 yili tug‘ilgan) Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlab, ish faoliyatini aloqa va axborotlashtirish sohasidagi korxonalarda turli lavozimlarda ishlagan. 2004 yilda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasi qoshida oliy biznes maktabida tijorat boshqarish magistri.

1999−2001 yillarda — Pochta va telekommunikatsiyaning rivojlanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi moliya bo‘limi boshlig‘i va jamg‘arma direktori, 2001−2002 yillarda — «O‘zbektelekom» AK Bosh direktori o‘rinbosari, keyinchalik 2002−2003 yillarda — Vazirlar Mahkamasi Aloqa va axborot texnologiyalari kompleksi rahbari kotibiyatining mudiri, 2003−2004 yillarda — O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori (2012 yil), O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vaziri (2015−2017) va MTRK raisi (2017) bo‘lib ishlagan.